Oʻzbekistonning xalqaro zaxiralari 19 foizga oshib, 34,6 mlrd dollarga yetdi

20:03 26 Sentyabr 2020 Iqtisodiyot
782 0

Markaziy bank Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro zaxiralari tarkibi xususida maʼlumot berdi.

Qayd etilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro zaxiralari boʻyicha maʼlumot Xalqaro valyuta jamgʻarmasi (XVJ) tomonidan tasdiqlangan metodologiya (Toʻlov balansi va xalqaro investitsion pozitsiya boʻyicha qoʻllanma)ga muvofiq shakllantiriladi. Ushbu maʼlumotlar Markaziy bank tomonidan muntazam ravishda eʼlon qilinadi.

Zaxiralar tarkibiga monetar oltin, chet el valyutasi, chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlar, XVJning mablagʻ jalb qilishga doir maxsus huquqlari va zaxira pozitsiyasi hamda xalqaro standartlarga muvofiq xalqaro zaxiralar tarkibiga kiritiladigan boshqa aktivlar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro zaxiralari 2020-yil boshiga nisbatan 5,4 mlrd. AQSH dollariga yoki 19 foizga oshib, 1-sentyabr holatiga 34,6 mlrd. AQSH dollarini tashkil etdi.

2020-yil boshidan COVID-19 pandemiyasi oqibatida jahon iqtisodiyotida inqirozli holatlarning kuzatilishi oltin narxining 30 foizgacha keskin oshishiga sabab boʻlib, avgust oyida oʻzining tarixiy eng yuqori darajasiga yetdi. Oltin narxlaridagi bunday keskin oshish surʼati faqatgina 2008-yildagi moliyaviy inqirozdan keyingi davrda kuzatilgan.

Tabiiyki, mazkur qulay sharoitdan kelib chiqib, Markaziy bank tomonidan avgust oyining oʻzida 2,5 mlrd. AQSH dollari miqdorida oltin eksporti amalga oshirildi. Taʼkidlash joizki, bunda xalqaro zaxiralar tarkibidagi oltin miqdorining kamayishi bilan bir vaqtning oʻzida valyuta aktivlarining mos ravishda oshishi kuzatiladi. Bu kabi amaliyot zaxiralarning umumiy hajmi oʻzgarishiga taʼsir qilmaydi.

2020-yilning oʻtgan 8 oyi tahlil qilinadigan boʻlsa, Markaziy bank tomonidan 5,8 mlrd. AQSH dollari miqdoridagi oltin eksporti amalga oshirildi. Mazkur valyuta tushumining asosiy qismi mamlakatimizda faoliyat yurituvchi korxona va tashkilotlarga tijorat banklari orqali valyuta birjasi savdolarida sotiladi.

Qonunchilikka muvofiq, Markaziy bank Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro zaxiralarini toʻldirish uchun davlatning oltin sotib olishga boʻlgan ustuvor huquqini amalga oshiradigan davlat idorasi boʻlib, mamlakatda ishlab chiqariladigan oltinning asosiy xaridori hisoblanadi.

Markaziy bank tomonidan ishlab chiqaruvchi korxonalardan oltinni xarid qilishda toʻlovlar oltinning jahon bozorlaridagi oʻrtacha narxidan kelib chiqqan holda har oyda milliy valyutada toʻlab beriladi. Oʻz navbatida, mazkur mablagʻlar korxonalar tomonidan byudjet oldidagi majburiyatlarni bajarishga hamda ishlab chiqarish va investitsion faoliyatini amalga oshirishga yoʻnaltiriladi.

Bunda Markaziy bank tomonidan oltinning milliy valyutada sotib olinishi iqtisodiyotda pul massasining oshishiga hamda inflyatsiya darajasi oʻsishi xavfining kuchayishiga taʼsir etishi mumkin.

Shundan kelib chiqib, 2017-yil sentyabr oyidan boshlab pul-kredit siyosatining makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlashdagi rolini oshirish maqsadida Markaziy bank valyuta bozorida “neytrallik” tamoyillari asosida ishtirok etadi.

“Neytrallik” tamoyiliga koʻra, ishlab chiqaruvchi korxonalardan sotib olingan oltin ekvivalentidagi valyuta mablagʻlari Markaziy bank tomonidan ichki valyuta bozoriga yoʻnaltiriladi. Bunda qimmatbaho metallarni sotib olish natijasida muomalaga chiqarilgan pul mablagʻlarining iqtisodiyotdagi pul-kredit sharoitiga taʼsirini sterilizatsiya qilish maqsadida valyuta sotish hisobiga muomaladan qaytarib olinadi. Oltin ishlab chiqaruvchi davlatlarda mazkur prinsipga amal qilinishi pul-kredit siyosatining taʼsirchanligini oshirish va inflyatsiyaning jilovlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

“Neytrallik” tamoyilining qoʻllanilishi natijasida xalqaro zaxiralardagi monetar oltinning ulushi deyarli oʻzgarishsiz qolmoqda. Jumladan, oltinning ulushi 2018-yil 1-yanvar holatiga 50 foizni tashkil qilgan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2020-yil 1-sentyabr holatiga 54 foizga yetdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?