“Oʻzbekistonning IT-isteʼdodlari” portali ishga tushadi

12:34 07 Oktyabr 2020 Hujjatlar
244 0

“Axborot texnologiyalari sohasida taʼlim tizimini yana-da takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–4851-son, 06.10.2020-y.) qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Qarorga muvofiq, OTMning tegishli taʼlim yoʻnalishlari talabalari oʻrtasida informatika, dasturlash va axborot texnologiyalari sohalarida oʻtkaziladigan respublika va nufuzli xalqaro olimpiadalar sovrindorlari boʻlgan talabalar OTMning tegishli magistraturasi yoʻnalishlariga ajratilgan kvota doirasida davlat grantlari asosida imtihonsiz qabul qilinadi.

2021/2022 oʻquv yilidan ushbu yoʻnalishlarda kadrlar tayyorlayotgan barcha OTM maktablarning bitiruvchi sinf oʻquvchilari oʻrtasida “Informatika va axborot texnologiyalari” fani boʻyicha koʻp bosqichli (tuman (shahar) – viloyat – oliy taʼlim muassasasi) oʻz olimpiadasi oʻtkazadi.

Tanlovda 1-3-oʻrinlarni egallagan oʻquvchilar birinchi oʻquv yili uchun toʻlov OTMning mablagʻlari hisobidan amalga oshirilgan holda imtihonsiz oʻqishga qabul qilinadi.

2021-yildan “Informatika va axborot texnologiyalari” fani boʻyicha xalqaro olimpiadalar gʻoliblarini tayyorlagan professor-oʻqituvchilar bir oylik maosh miqdorida bir martalik mukofotlanadi.

OTMning informatika va axborot texnologiyalari bilan bogʻliq taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha imtiyozli diplomga ega bitiruvchilari mazkur OTMning magistraturasiga kirish imtihonlarisiz toʻlov-kontrakt asosida qabul qilinadi.

Maktablarning “Informatika va axborot texnologiyalari” fani boʻyicha oʻrta-maxsus maʼlumotli va kamida 1 yil pedagogik ish stajiga ega oʻqituvchilari TATUga pedagogika yoʻnalishi boʻyicha masofaviy oʻqitish shaklida toʻlov-kontrakt asosida kirish imtihonlarisiz qabul qilinadi.

Shuningdek, 2021-yil 1-yanvarga qadar “Oʻzbekistonning IT-isteʼdodlari” portali ishga tushiriladi.

Portalda, jumladan, dasturlash sohasida oʻtkaziladigan olimpiadalar, tanlovlar va aksiyalar toʻgʻrisida maʼlumotlar joylashtirib boriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?