O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi sa’y-harakatlarining xalqaro e’tirofi

11:06 24 May 2018 Siyosat
519 0

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi yaqinda O‘zbekiston Respublikasining Uchinchi milliy ma’ruzasini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha o‘zining ikki yuzdan ortiq tavsiyalarini berdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi xalqaro hamjamiyat e’tiboriga mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi vaziyatni yaxshilash, jumladan, ushbu yo‘nalishdagi xalqaro majburiyatlarini, ya’ni Inson huquqlari bo‘yicha kengashning avvalgi tavsiyalarini bajarish doirasidagi sa’y-harakatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni havola etdi. BMT a’zolari O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi sa’y-harakatlari va muvaffaqiyatlarini, konstitutsiyaviy, institutsional hamda ma’muriy islohotlarni va -mamlakatning ochiqligini, konstruktiv muloqotga tayyorligini yuqori baholadi. 

O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi Universal davriy hisoboti doirasida O‘zbekiston Respublikasining Uchinchi milliy ma’ruzasi yakunlariga bag‘ishlangan brifingda bu xususda atroflicha to‘xtalib o‘tishdi.

Akmal SAIDOV,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori:

— Biz xalqaro jamoatchilikka O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi qat’iy hamda shiddatli qadamlari haqida ma’lumot taqdim qildik. Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, aksariyat davlatlar vakillari mamlakatimizda kechayotgan islohotlardan xabardor ekan. Uchinchi milliy ma’ruza natijalari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning AQShga ilk rasmiy tashrifi davomida ikki marta, avvalo, Milliy matbuot klubida, so‘ng yetakchi aql markazi — “Atlantic Council” tahlil markazida taqdim etildi. Joriy yilning iyun oyida ushbu axborotni parlamentga ham taqdim qilamiz. Chunki O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish Oliy Majlisning muhim vakolatlaridan biri sifatida belgilab berilgan. Darvoqe, mazkur tashabbus BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi va Par-lamentlararo ittifoq majlislarida yuqori baholandi.

Sessiya yakunida barcha sohada islohotlarni mana shu ruhda davom ettirish hamda -xalqaro tashkilotlar bilan yanada faol hamkorlik qilishga umid bildirildi.

Mahmud ISTAMOV,
adliya vaziri o‘rinbosari:

— Aytish kerakki, oxirgi bir-bir yarim yil ichida O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlash sohasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Biz xalqaro hamjamiyatga inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekanligini yetkaza oldik. Davlat rahbarida qat’iy siyosiy xohish-iroda bor, davlatimiz inson huquqlari sohasiga e’tiborni kuchaytirish zarurligini teran anglaydi. Kengash a’zolarining mutlaq ko‘pchiligi yurtimizda inson huquqlari sohasida ijobiy o‘zgarishlar yuz berganini qayd etishdi. Majlisda adliya organlari, NNTlar sohasini liberallashtirishga oid qator tavsiyalar o‘rtaga tashlandi. Bu vaqtga kelib, O‘zbekiston rahbarining mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirishga oid Farmoni imzolandi. Biz dunyo jamoatchiligini NNTlarni ro‘yxatga olish tartibini soddalashtirish, tadbirlarni kelishish bekor qilinganiga oid qator yangiliklar bilan tanishtirdik. Sud-huquq islohotlari, ularning natijalari, jumladan, oqlov hukmlari soni ortayotgani haqida batafsil axborot berdik. O‘zbekiston joriy yilda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining sudyalar hamda advokatura mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha maxsus ma’ruzachisini taklif qilishni rejalashtirayapti. Shu bilan birga, O‘zbekiston so‘nggi bir yarim yilda 1,5 ming nafar kishini fuqarolikka qabul qildi, bolalar tug‘ilishini ro‘yxatga olish to‘liq ta’minlanmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekiston Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilish va uning normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilishga hozirlik ko‘rayotgani haqida ham batafsil -axborot berildi.

Erkin YULDASHEV,
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari:

— O‘zbekistondagi islohotlarning zamirida “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan hayotbaxsh g‘oya mujassam. Sessiya ishida ko‘plab mamlakatlar vakillari O‘zbekistondagi o‘zgarishlarga katta qiziqish bilan qaragani, shubhasiz, quvonarlidir. -Prezidentning virtual hamda Xalq qabulxonalari faoliyatiga alohida urg‘u berildi. Binobarin, ushbu yangi noyob mexanizmlar sharofati tufayli xalq bilan bevosita -muloqot o‘rnatildi. Mazkur mexanizm ishga tushirilganidan so‘ng minglab odamlarning huquqlari tiklandi, aholi bilan muloqotning samarali tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Sessiya ishida odam savdosi, korrupsiyaga qarshi kurashish, qiynoqlarning oldini olishga alohida urg‘u berildi. Biz sud-huquq tizimini isloh etish, jinoyat qonunchiligini liberallashtirish haqida atroflicha ma’lumot berdik, muhokamalar jarayonida “Obod qishloq” dasturi taqdimoti o‘tkazildi.

Bahrom ODILOV,
O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi boshlig‘i:

— O‘zbekistonda mahbuslarning huquqlarini ta’minlash, ularga shart-sharoit yaratish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilayapti. Qiynoqlarga barham berish hamda ularga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha katta ko‘lamdagi ishlar amalga oshirilayapti. Bundan tashqari, biz boshqa huquqni muhofaza qilish organlari, mamlakat parlamenti bilan hamkorlikda qamoqda saqlash joylarida monitoring olib borayapmiz. Komil ishonch bilan aytishim kerakki, O‘zbekistonda bunday holatlarga barham berilgan. Modomiki, shunday holatlar haqida murojaat bo‘lsa, batafsil tekshiruv o‘tkazamiz, qolaversa, prokuror nazorati ham amalga oshirilayapti. Hozirgi paytda penitensiar tizimlarda 2,5 mingta kuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Bu ham shunga o‘xshash va boshqa holatlarning oldini olishda ayni muddao bo‘layapti.

O‘zbekiston hukumati BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi fakultativ protokolini ratifikatsiya qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bundan tashqari, biz parlament ombudsmani bilan hamkorlikda O‘zbekistonda qiynoqlarning oldini olishga qaratilgan mustaqil preventiv mexanizmni joriy etish ustida ishlayapmiz. Eng muhimi, biz sessiya ishtirokchilari e’tiboriga shuni yetkazdikki, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari natijasida qamoqxonadagi mahbuslar soni ikki yarim baravar kamaydi. O‘zbekiston MDHda bu borada eng past ko‘rsatkichga ega davlat sanaladi.

Dilmurod QOSIMOV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili:

— Sessiya ishtirokchilari O‘zbekistonda xususiy mulk huquqi muhofazasi, raqobat muhitini yaratish, davlatning iqtisodiyotdagi rolini qisqartirish, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini e’tirof etishdi. Xitoy, Yaponiya, KXDR, Laos, Portugaliya, Eron, Hindiston delegatsiyasi vakillari mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, biznes-ombudsman instituti orqali tadbirkorlar uchun imkoniyatlarni kengaytirish hamda ularning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni ijobiy baholashdi. Xitoy, Ozarbayjon, Belarus vakillari esa tadbirkorlar uchun ro‘yxatga olish tartib-taomillari soddalashtirilgani O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy hamkorligini chuqurlashtirish uchun qulay sharoit yaratishini qayd etishdi.

Xelena FREYZER,
BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili:

— Oxirgi paytlarda O‘zbekistonda tarixiy qarorlar qabul qilindi. Jenevada O‘zbekistonga bildirilgan tavsiyalar inson huquqlarini, jumladan, ayollar, bolalar va mehnatkashlar huquqlarini muhofaza etishning barcha jabhasini qamrab olgan. Jeneva sessiyasi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 70 yilligi keng nishonlanayotgan bir vaqtda o‘tdi. O‘zbekistonda inson huquqlari himoyasining kafolatlarini kengaytirish hamda mustahkamlashga qaratilgan bir qator chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan maxsus Tadbirlar dasturi qabul qilindi. Biz o‘tgan yili oktyabr oyida O‘zbekistonga tashrif buyurgan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining din va e’tiqod erkinligi masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shahid tavsiyalarini amalga oshirish “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqdik. Parlament palatalari Kengashlarining qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan mazkur hujjat O‘zbekiston o‘z majburiyatlarini bajarishga qat’iy ahd qilganidan dalolat beradi. O‘z navbatida, BMT Taraqqiyot dasturi bu borada har tomonlama ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini aytib o‘tishni istardim.

Brifing doirasida BMT Taraqqiyot dasturi va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi o‘rtasida O‘zbekistonda BMT Nizomi hamda shartnomaviy organlari tavsiyalarini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma loyiha imzolandi.

Qobil XIDIROV 
yozib oldi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?