O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha erishgan yutuqlari AQSHda e’tirof etildi

10:11 15 May 2018 Siyosat
1302 0

Vashingtondagi AQSH Milliy press-klubida “O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha erishgan yutuqlari va istiqboldagi vazifalar” mavzuida xalqaro anjuman o‘tkazildi.

Mazkur tadbir mamlakatimizning AQSHdagi elchixonasi tomonidan AQSH Milliy press-klubi ko‘magida tashkil etildi. Unda xalqaro tashkilotlar vakillari, ekspertlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, O‘zbekistonning AQShdagi Favqulodda va muxtor elchisi Javlon Vahobov, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi direktori Firdavs Abduxoliqov, Xalqaro press-klub raisi Sherzodxon Qudratxo‘jayev mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’ruza qildi.

Ta’kidlanganidek, Konstitutsiyamizda O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan so‘ng qo‘shilgan dastlabki xalqaro-huquqiy hujjatlardan biri bo‘lgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida nazarda tutilgan asosiy tamoyillar o‘zining ifodasini topgan.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi inson huquqlari bo‘yicha 70 ta asosiy hujjatga qo‘shildi, BMT tomonidan mazkur sohada qabul qilingan 10 ta asosiy xalqaro shartnoma ishtirokchisiga aylandi. 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida mamlakatimizning xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli sub’ekti sifatidagi o‘rni va rolini yanada mustahkamlash, rivojlangan demokratik davlatlar qatoridan o‘rin olish, O‘zbekiston atrofida xavfsizlik, barqarorlik hamda yaqin qo‘shnichilik muhitini yaratish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar hayotga tatbiq etilayotir.

Yana bir muhim jihati, O‘zbekiston xalqaro huquqiy shartnomalar talablari asosida inson huquqlari bo‘yicha milliy ma’ruzalarni doimiy ravishda taqdim qilib kelmoqda.

Joriy yil 5 may kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bag‘ishlangan Tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi Farmon alohida qayd etildi.

Yurtimizda matbuot va ommaviy axborot vositalarini liberallashtirish hamda rivojlantirish, so‘z erkinligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar haqida so‘z yuritilib, xususan, jurnalistlarning huquq va manfaatlarini muhofaza qilishga katta ahamiyat berilayotgani, nodavlat OAV faoliyati kengayib borayotgani aytib o‘tildi.

Xalqaro ekspertlar so‘nggi yillarda O‘zbekiston dunyoga ochilib borayotgani, pragmatik siyosat yuritayotganini e’tirof etishdi. “Amerika ovozi” teleradiokanali jurnalisti Navbahor Imamova AQSH OAV tarixida ilk bor O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan jurnalist bo‘lgani, yaqinda O‘zbekistonda ikki jurnalist va ikki tadbirkor sud zalidan ozod etilganini misol sifatida keltirib, “Bular ulkan voqeadir”, deya bildirdi.
Tadbirda yurtimizda inson huquqlarini ta’minlash borasidagi ishlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha fikr-mulohazalar ilgari surildi. Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.
Shavkat ORTIQOV,
«Xalq so‘zi» maxsus muxbiri.
Vashington, Amerika Qo‘shma Shtatlari


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?