O‘zbekistonning eng mohir merganlari xalqaro musobaqada ishtirok etish uchun Qirg‘izistonga jo‘nab ketdi

16:30 26 Iyul 2018 Sport
420 0
Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Joriy yilning aprel — sentyabr oyiga qadar MDHga a’zo davlatlar do‘stona armiyalari doirasida harbiy-amaliy sport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilmoqda.

Ushbu nufuzli musobaqalar harbiy-amaliy sportning 7 ta turini o‘z ichiga olgan bo‘lib, “Armiya qo‘l jangi”, “Komandirlik startlari”, “Sport oriyentirlanishi”, “Tog‘ uch kurashi”, “Ko‘p kurash harbiy sport kompleksi”, “Ofitserlar uch kurashi” va “PM-3 va AK-3 mashqlarida shtatdagi yoki shtatga ilova qilingan jadvaldagi qurollardan otish” kabi bahslar bo‘yicha o‘tkazilmoqda.

O‘zbekistonlik harbiylar 16-20 aprel kunlari Rossiyaning SSKA (Markaziy harbiy sport klubi)ning “Igrovoy” universal sport majmuasida o‘tkazilgan “Komandirlik startlari”, 26-29 iyun kunlari Belorus Respublikasi poytaxti Minskda harbiy-amaliy sportning “Ko‘p kurash harbiy sport kompleksi” turi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan xalqaro musobaqalarda faxrli ikkinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritgan edi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati tomonidan “Xalq so‘zi online”ga ma’lum qilishlaricha, Mudofaa vazirligi Sport klubi boshlig‘i podpolkovnik Mansur Mamadaminov boshchiligidagi harbiy sportchilar 28-31 iyul kunlari Qirg‘iziston Respublikasi Baliqchi shahrida bo‘lib o‘tadigan harbiy-amaliy sportning “PM-3 va AK-3 mashqlarida shtatdagi yoki shtatga ilova qilingan jadvaldagi qurollardan otish” musobaqasida ishtirok etish uchun mazkur mamlakatga jo‘nab ketishdi.

Ushbu musobaqada Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston, Tojikiston va O‘zbekistonning eng kuchli merganlari o‘zaro kuch sinashadi.

Musobaqada mayor Inver Osmanov, katta leytenant Natalya Dolbilina, kichik serjantlar Roman Goloshapov, Artyom Chernishyov, shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi oddiy askarlar Azizxon Muhammadrahimov va Yana Fatxi mamlakatimiz sharafini himoya qiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?