Oʻzbekistonning asosiy suv obyektlariga zamonaviy “Smart Water” tizimi joriy qilinadi

17:38 16 May 2019 Jamiyat
178 0

Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi bilan Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) oʻrtasida imzolangan bitimga muvofiq, respublikamizning asosiy suv obyektlariga zamonaviy “Smart Water” (Aqlli suv) tizimi joriy qilinmoqda. Bu haqida vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

Mazkur loyiha Koreya xalqaro hamkorlik agentligining grant mablagʻi evaziga moliyalashtirilyapti. Loyihaga koʻra, respublikamizning 61 ta obyektlariga manbadagi suv sarfini real vaqt rejimida (onlayn) kuzatish imkonini beruvchi tizim oʻrnatiladi.

Loyiha doirasida Janubiy Koreyadan uskunalar olib kelinib, 16 ta suv ombori, 45 ta kanalning boshlanish qismlariga oʻrnatiladi.

“Smart Water” tizimining zamonaviy qurilmalari obyektdagi suv sarfi, ob-havo, yogʻingarchilik va boshqa maʼlumotlarni foto va videomateriallar shaklida onlayn rejimda avtomatik tarzda vazirlikda tashkil etilgan yagona monitoring va kuzatuv markaziga uzatib turadi.

Ushbu maʼlumotlar tezkor qayta ishlanib, kerakli foydalanuvchilarga internet yoki lokal aloqa orqali uzatilishi mumkin.

Kelgusida “Smart Water” tizimini respublikaning barcha sugʻorish tarmoqlariga keng tatbiq etish rejalashtirilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?