Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasida Qurolli Kuchlarimizning 28 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi

18:30 07 Fevral 2020 Jamiyat
422 0

Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasida Qurolli Kuchlarimizning 28 yilligi munosabati bilan tantanali qabul boʻlib oʻtdi. Bu haqda mamlakatimizning Vashingtondagi diplomatik missiyasi maʼlumotlariga asoslanib Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Ushbu tadbirda kongress aʼzosi Trent Kelli, AQSH qonun chiqaruvchi kengash aʼzosi Stiv Sozerlend, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan Missisipi shtati Milliy gvardiyasi hamkorlik dasturi direktori Amanda Villaret, siyosiy, mudofaa, harbiy-taʼlim doiralar vakillari, shu jumladan Pentagon va AQSH markaziy qoʻmondonligi masʼul xodimlari, shuningdek Vashington shahriga vakil etib tayinlangan 20 ga yaqin davlatning elchixonalaridagi harbiy attashelari ishtirok etdi.

Tadbirning ochilishida Oʻzbekistonning AQSHdagi diplomatik vakolatxona rahbari Javlon Vahobov soʻzga chiqdi. Bugungi kunda Oʻzbekiston harbiy xizmatchilari xalqaro musobaqalarda mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilayotgani yigʻilganlarning alohida eʼtiboriga qaratildi.

Elchixona tomonidan AQSH Mudofaa vazirligi bilan aloqalarni yuqori darajada faollashganligi, Oʻzbekiston va Missisipi Milliy gvardiyasi oʻrtasidagi sheriklik aloqalarini kengayganligi toʻgʻrisida xabar berildi. Taʼkidlanishicha, harbiy hamkorlik bilan bir qatorda, Missisipi shtati bilan savdo-iqtisodiy va taʼlim sohalarida qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Kongresmen Trent Kelli tomonidan mamlakat rahbariyati Qurolli Kuchlarni isloh qilish, milliy armiyamizning harbiy salohiyatini oshirish va unga ijobiy imidj berish borasida salmoqli ishlarni amalga oshirganini taʼkidladi. “Men davlat rahbari tomonidan oʻz milliy armiyasiga boʻlgan bunday eʼtiborini dunyoning biron bir mamlakatida koʻrmaganman” – deydi kongressmen.

Trent KELLI, Kongress aʼzosi, (Missisipi shtati): “Buyuk Oʻzbekiston davlati va uning Qurolli Kuchlarini kasb bayrami – Vatan himoyachilari kuni bilan bilan qutlamoqchiman. Oʻzbek xalqi ajoyib va qudratli, Oʻzbekiston armiyasi dunyodagi eng ilgʻor va professional armiyalardan biridir, uning mahoratli harbiylari bor. Ikki tomonlama munosabatlarni yaxshilash uchun ular bilan ishlash men uchun katta sharafdir, men bunday milliy bayramlarda ishtirok etishdan xursandman. Oʻzbekiston harbiy xizmatchilari yuqori malakali, puxta tayyorlangan, bilimdon mutaxassislardir. Biz ularga eng ezgu tilaklarni bildiramiz, ularni eng yaxshi sheriklar deb bilamiz”.

Yana bir kongress aʼzosi Stiv Sozerlend Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi yaqin, ishonchli munosabatlar, ayniqsa respublika va Missisipi oʻrtasidagi munosabatlarni qayd etdi. Taʼkidlanishicha, bugungi kunda Oʻzbekiston – Missisipi aloqalari nafaqat harbiy sohada, balki savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-maʼrifiy sohalarda ham kengayib bormoqda.

Stiv SOZERLEND, Kongress aʼzosi, (Florida shtati): “Avvalo, Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasiga yaxshi tashkil etilgan tantanali oqshom uchun minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz. Ushbu qabul marosimida meni hayratga solgan bir qancha narsalarni eslab qoldim, ulardan biri Oʻzbekiston va Missisipi shtati oʻrtasida oʻrnatilgan munosabatlardir. Biz bu munosabatlarni qadrlaymiz, bu bizning mamlakatlarimiz chin doʻstlik va buyuk kelajakka ega ekanligidan dalolat beradi. Menga bugungi oʻzbek taomlari, ajoyib koʻngilochar musiqa va raqslar juda yoqdi. Bugungi tantanalarga taklif etilganimdan juda minnatdorman, katta rahmat”.

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan Missisipi shtati Milliy gvardiyasi hamkorlik dasturi direktori Amanda Villaretning taʼkidlashicha, bugungi kunda Oʻzbekiston harbiy xizmatchilari nafaqat mintaqadagi zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi tura olishmoqda, balki xalqaro musobaqalarda oʻz mamlakatlarini munosib himoya qilishmoqda. Mudofaa vazirligi vakillarining oʻtgan yilning dekabr oyida Missisipi shahrida boʻlib oʻtgan ”Eng yaxshi jangchi” tanlovida muvaffaqiyatli ishtirok etgani qayd etildi.

Amanda VILLARET, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan Mississippi shtati Milliy gvardiyasi hamkorlik dasturi direktori: “Oʻzbekiston Respublikasini – Vatan himoyachilari kuni bilan tabriklayman. Bu ajoyib kun va men ushbu bayramni bugun barchangiz bilan nishonlashimdan xursandman. Missisipi va Oʻzbekiston Mudofaa vazirliklari bilan hamkorlik 2012-yilda boshlangan. Ushbu qisqa vaqt ichida biz ilgari tasavvur ham qila olmaydigan muhim natijalarga erishdik. Ushbu munosabatlar yil sayin kengayib borayotganidan xursandman. Men AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasiga, kongress aʼzosi Trent Kelli, Missisipi Milliy gvardiyasi qoʻmondoni general Jenson Boylzga, shuningdek, oʻzbek harbiylariga ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda qoʻshgan hissalari uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman.

Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tabrik soʻzlarini milliy ommaviy axborot vositalariga AQSHning Moldova Respublikasidagi elchixonasi harbiy attashesi polkovnik V. Mikov, AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi harbiy attashesining rafiqasi Liza Rovell ham yoʻlladilar.

Vitaliy MIKOV, Moldaviyaning AQSHdagi elchixonasi harbiy attashesi: “Oʻzbekiston mudofaa tizimidagi oʻzgarishlar quvonarli. Sizning mamlakatingiz nafaqat mintaqada, balki dunyoda ham yaxshi mavqega ega. Men Oʻzbekiston armiyasini, bu armiyada xizmat qilayotgan barcha harbiy xizmatchilar va ayollarni chin dildan hurmat qilaman. Men ularni tabriklayman va barchaga eng yaxshi tilaklarimni, oldinga qoʻyilgan maqsadlarga erishishni, shuningdek dunyodagi eng ilgʻorlardan biriga aylanishini istayman”.

Liza ROVELL,AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi harbiy attashesi polkovnik Piter Rovellning rafiqasi: “Oʻzbekistonning barcha harbiy xizmatchilarini bayram bilan tabriklayman. Men bir yil Toshkentda yashadim, u yerda mamlakatingizning koʻplab ajoyib sanʼat asarlari bilan tanishdim. Oʻzbekistonda hamma narsa yaxshi – mehmondoʻst xalqi, odamlar juda samimiy va saxiy. Menga milliy taomlar juda yoqdi. Men Toshkentda ajoyib vaqt oʻtkazdim va bu goʻzal mamlakatda boʻlganimdan zavqlandim. Umid qilamanki, Amerika Qoʻshma Shtatlari va Oʻzbekiston oʻrtasidagi iliq munosabatlarimiz mustahkamlanib, yana uzoq yillar davom etadi”.

Umuman olganda, Elchixonadagi tantanali qabul paytida tadbir ishtirokchilari mamlakatning mudofaa salohiyati, uning tinchlikparvar siyosati, shuningdek, Oʻzbekistondagi harbiy islohotlarning borishi bilan tanishdilar. Mehmonlar tomonidan davlat oʻzining Qurolli Kuchlariga doimiy eʼtibor qaratib, jangovar qobiliyatga ega, yuqori talablariga javob beradigan armiyani tashkil etish borasidagi islohotlarni faol amalga oshirayotganligi taʼkidlandi.

 

 

 

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?