O‘zbekistonning 3 hududida gaz ta’minoti davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi

08:57 09 Iyul 2018 Jamiyat
447 0
Фото: inosmi.ru

2018 yilning may oyida “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati bilan Turkiyaning “Kazanchi Holding A.S” kompaniyasi o‘rtasida imzolangan memorandumga asosan, Buxoro shahri hamda Toshkent va Samarqand tumanlaridagi gaz ta’minoti davlat-xususiy sherikchilik loyihasi asosida amalga oshiriladi.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan parlament eshituvida aksiyadorlik jamiyati raisining o‘rinbosari Odil Temirov ma’lumot berdi. Qo‘mitaning nazorat-tahlil faoliyati tabiiy va suyultirilgan gazdan oqilona va samarali foydalanishning holati va istiqbollari masalasiga bag‘ishlandi.

Iste’molchilarni tabiiy va suyultirilgan gaz bilan barqaror ta’minlash masalasi, avvalo, tabiiy gazni qazib chiqarishdan boshlanadi. Bugungi kunda yangi quduqlarni burg‘ulash, mukammal ta’mirlash va kompressor stansiyalari, gazni tayyorlash komplekslari barpo etish bo‘yicha ish olib borilmoqda.

Tabiiy va suyultirilgan gazdan oqilona foydalanishda respublikamizning ichki bozorlarida nostandart va qo‘lbola gaz uskunalarni sotish holatlariga chek qo‘yish va ularni energotejamkor, avtomatlashtirilgan gaz jihozlariga bosqichma-bosqich almashtirish chora-tadbirlari ko‘rilayotgani ta’kidlab o‘tildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?