"Oʻzbekistonni Markaziy Osiyodagi xalqaro taʼlim dasturlarini amalga oshiruvchi xabga aylantirish uchun imkoniyatlar yetarli"

09:31 08 Oktyabr 2020 Jamiyat
177 0

Respublika oliy taʼlim tizimining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xorijiy taʼlim va ilm-fan texnologiyalarini jalb etish doirasida mamlakatimizning Hindistondagi Elchixonasi va “People Hive LLC” kompaniyasi raisi Pavan Abraxam oʻrtasida videomuloqot oʻtkazildi.

“People Hive LLC” kompaniyasi 15 yil avval tashkil etilgan boʻlib, hozirgi vaqtda AQSH va Hindistonda bir necha filiallarga ega. Kompaniya raisi P.Abraxam bir vaqtning oʻzida Hindiston Birlashgan savdo-sanoat palatasi Shimoliy Amerika boʻlimi prezidenti sifatida faoliyat yuritadi. Ushbu kompaniya xalqaro loyihalar uchun tegishli mutaxassislarni saralash va yetkazib berish, IKT xizmatlar koʻrsatish boʻyicha konsalting tashkiloti hisoblanadi. Bundan tashqari, hozirgi vaqtda “People Hive LLC” xorijda sifatli taʼlim olish istagida boʻlgan yoshlarga tegishli maslahat va xizmatlarni taqdim etib kelmoqda.

Buxoro Davlat tibbiyot instituti va “People Hive LLC” kompaniyasi oʻrtasida oʻrnatilgan hamkorlik doirasida 2019-yil iyul oyida Hindistonning bir qator shtatlarida Oʻzbekiston oliy oʻquv yurti faoliyatiga bagʻishlangan taqdimotlar tashkil etildi. Tibbiyot institutida tahsil olish istagida boʻlgan hindistonlik yoshlar bilan muloqotlar oʻtkazildi. Natijada 2019-2020 oʻquv yilidan boshlab 50 nafarga yaqin hind fuqarolari Buxoro Davlat tibbiyot institutida taʼlim olish imkoniga ega boʻldilar.

Shuni alohida qayd etish lozimki, Buxoro Davlat tibbiyot instituti joriy yilning 25-sentyabr kuni Hindistonning Noida Xalqaro Universiteti bazasida oʻz filialini tashkil etish boʻyicha memorandum imzoladi. Bu bugungi pandemiya sharoitida hind talabalarining oʻz vatanlarida turib tahsil olishlari uchun ham qulay imkoniyat yaratadi.

Suhbat davomida “People Hive LLC” kompaniyasi rahbariga qisqa muddatlarda amalga oshirilgan samarali hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirildi va hamkorlik koʻlamini yana-da kengaytirish boʻyicha oʻzaro fikr almashildi.

P.Abraxam Oʻzbekistondagi mavjud oliy taʼlim tizimi asoslariga baho berar ekan, uni Markaziy Osiyodagi xalqaro taʼlim dasturlarini amalga oshiruvchi «xab»ga aylantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini taʼkidladi.

“People Hive LLC” kompaniyasi raisi tibbiyot taʼlimi bilan bir qatorda hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari sifatida muhandislik, IKT, sunʼiy intellekt, menejment, qishloq xoʻjaligi, xususan intensiv baliqchilik va sholichilik kabi taʼlim yoʻnalishlarini sanab oʻtdi. Mutaxassis fikricha, bugungi kunda Hindistonda talab yuqori boʻlgan mazkur yoʻnalishlar boʻyicha oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlikning yoʻlga qoʻyilishi Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimining xalqaro jozibadorligini yana-da oshishiga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?