Oʻzbekistonni Yevropa mehmonxonalar, restoranlar va kafelar assotsiatsiyasiga taklif qilishdi

23:21 22 Fevral 2019 Welcome to uzbekistan
495 0

Illyustrativ foto

21-fevral kuni Oʻzbekistonning Belgiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Dilyor Hakimov Yevropa mehmonxonalar, restoranlar va kafelar assotsiatsiyasi (HORTEC) bosh ijrochi direktori Kristian de Barri bilan uchrashdi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining rasmiy saytida xabar berildi.

Yevropa mehmondoʻstlik assotsiatsiyasi (HORTEC) ijroiya qoʻmitasi va Yevropaning 30 davlatida faoliyat yurituvchi 42 ta aʼzo-tashkilotdan iborat. Kuzatuvchi mamlakatlar orasida Gruziya, Turkiya va hatto, jugʻrofiy jihatdan Yevropa hududiga kirmaydigan boshqa qator davlatlar bor.

Uchrashuvda taʼkidlanganidek, Yevropa turizmi taraqqiyoti bevosita mehmondoʻstlik anʼanalari bilan chambarchas bogʻliqdir. Yevropa ittifoqi mamlakatlarida 11,9 million nafar kishi aynan mazkur sohada mehnat qilishi ham buning yorqin dalili sanaladi.

Oʻzaro muloqotda tomonlar soʻnggi ikki yilda dunyo sayyohlik sohasining eng hayratga soluvchi trendiga aylanib ulgurgan Oʻzbekiston turizm tarmogʻida amalga oshirilgan islohotlarga yuksak baho berishdi. Jahonda sayyohlik oʻsishi koʻrsatkichi 7, Yevropada esa 8 foizga yetgani barobarida, mamlakatimizga turistlar oqimi ikki barobar oshgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Barqaror turizmni rivojlantirish, shuningdek, Oʻzbekistonda sayyohlik xizmatlarini yanada takomillashtirish va rivojlantirishda izchil hamkorlikning yoʻlga qoʻyilishidan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekani aytib oʻtildi.

Buning uchun qisman Yevropa ittifoqi davlatlaridagi soha vakillari tomonidan koʻp tomonlama manfaatli yondashuv asosida mamlakatimizga kiritiladigan yirik sarmoyalar zarurligi taʼkidlandi. Bundan tashqari, sayyohlik oqimi, “sunʼiy ong” va blokcheynlarni sifatli boshqarishda muhim oʻrin tutuvchi maʼlumot almashinuvi boʻyicha oʻzaro tadqiqotlar olib boriladi. Suhbat chogʻida Oʻzbekiston oshpazlari assotsiatsiyasi rahbariyati bilan konferens-aloqa oʻtkazilib, unda ikki tomonlama sheriklikni rivojlantirishning kelgusi rejalari ishlab chiqildi.

Muzokaralar yakunida Yevropa tomoni Oʻzbekistonni HORTECga aʼzo boʻlishga chaqirdi. Bu borada yaqin fursatda zarur tartib-qoidalar ishlab chiqiladi. Oʻz navbatida, elchi Yevropa mehmonxonalar, restoranlar va kafelar assotsiatsiyasi vakillarini mamlakatimizda oʻtkaziladigan “FoodWeek & Horeca Uzbekistan 2019” xalqaro oziq-ovqat va qadoqlash mahsulotlari koʻrgazmasiga taklif etdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?