“O‘zbekistonni eslasam yuragim sog‘inchdan orziqib ketadi!”

10:32 17 May 2018 Madaniyat
680 0

O‘zbekison Respublikasi va Yaponiya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan “O‘zbekiston haftaligi” kunlari tafsilotlarga boy tarzda o‘tmoqda. Kecha yaponiyaliklar O‘zbekistonning go‘zal tabiati, qadimiy obidalari, zamonaviy inshootlari, shuningdek, urf-odat va an’analari tarannum etilgan amaliy san’at ko‘rgazmasini tomosha qildilar. Akasaka san’at saroyida o‘zbek va yapon san’atkorlarining chiqishlari esa kunchiqar mamlakat san’at ixlosmandlarini hayratga soldi. Ayniqsa, milliy libosda sahnaga chiqqan “Surxon” guruhining xalqona ohangda kuylanadigan “Sirg‘ali qiz” qo‘shig‘i, “Gavhar” raqs ansamblining “Surnay lazgisi” xoreografik kompozitsiyasi barchaga birday manzur bo‘ldi.

Kun davomida vakillarimizning Yaponiya parlamenti deputatlari, madaniyat agentligi rahbari R. Miyata, shuningdek, bir qator madaniyat va san’at namoyandalari bilan o‘tgan uchrashuvlari ham samarali kechdi.

— O‘zbekiston va o‘zbekistonliiklarga hurmatim cheksiz, — deydi Yaponiyaning mamlakatimizdagi sobiq elchisi K. Nakayama. —Ayniqsa, o‘zbek yoshlaridagi intiluvchanlik, bilimga chanqoqlikni juda qadrlayman. Qolaversa, o‘zbek xalqining madaniyati va san’ati ham barchaga namuna bo‘ladigan darajada betakror. O‘zbekistonni, uning Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent kabi shaharlarini eslasam yuragim sog‘inchdan orziqib ketadi.

O‘zbekiston madaniyat vaziri o‘rinbosari K. Oqilova boshchiligidagi madaniyat xodimlari va san’atkorlardan iborat delegatsiya Tokio milliy muzeyida bo‘lib, u yerdagi noyob eksponatlar bilan yaqindan tanishdi.

—E’tiborimizni tortgan narsa, har bir yaponiyalikning o‘z yurti tarixini bilish, o‘rganish va tadqiq qilishga qiziqishi bo‘ldi, — deydi delegatsiya vakili, jurnalist Muhabbat Hamroyeva. — Hatto muzeyda aravachada kelgan keksalarni ham uchratish mumkin. Ularning ayrimlari bilan suhbat asnosida bildikki, yaponiyalik yoshi ulug‘larning aksariyati bir qator xorijiy davlatlar, jumladan O‘zbekistonda ham bo‘lganini e’tirof etishdi.

Bugun “O‘zbekiston haftaligi” tadbirlari Yaponiyaning en go‘zal shaharlaridan biri Nagoyaga ko‘chadi.

Mavjuda XOLMATOVA.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?