Oʻzbekistonliklarni Koreyaga joʻnatish nomaʼlum muddatga kechiktirildi - Migratsiya agentligi

10:03 11 Iyul 2020 Jamiyat
276 0

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Koreya Respublikasi erkin yollash tizimi boʻyicha test imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan, biroq pandemiya tufayli ushbu davlatga borolmagan oʻzbekistonliklarni Koreya Respublikasiga tashkiliy tarzda joʻnatish nomaʼlum muddatga qadar qoldirilganini maʼlum qildi.

«Oʻzbekiston Respublikasi hukumati tomonidan Koreya Respublikasi hukumatiga EPS-topik test imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtib, ish beruvchilardan shartnoma loyihasi kelgan, biroq SOVID-19 virusining tarqalishi sababli Koreya Respublikasiga tashkiliy tarzda keta olmagan va viza tasdiqnomalari amal qilish muddati tugagan fuqarolarning maʼlumotlari Koreya Respublikasi inson resurslarini rivojlantirish xizmatiga taqdim qilingan.

Viza tasdiqnomasi amal qilish muddati tugagan fuqarolarning viza tasdiqnomalari Koreya Respublikasining Inson resurslarini rivojlantirish xizmati tomonidan bosqichma-bosqich uzaytirilmoqda (viza tasdiqnomangiz uzaytirilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotni oʻzingizga tegishli shaxsiy kabinetingizdan bilib olishingiz mumkin).

55 nafar fuqarolarning (Ish beruvchi korxona tomonidan shartnoma loyihasi bekor boʻlgan) maʼlumotlari qayta tanlovlar bazasiga qoʻyilgan. Shulardan 40 nafariga qayta shartnoma loyihalari berilgan.

Hozirgi kunda Koreya Respublikasi erkin yollash tizimi boʻyicha EPS-topik test imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtib, ish beruvchilardan shartnoma loyihalari kelgan fuqarolar uchun Koreya Respublikasidagi 3 kunlik majburiy koʻniktirish darslari bekor qilinganligi sababli Koreya Respublikasiga tashkiliy tarzda joʻnatish vaqtinchalik nomaʼlum muddatga qadar qoldirilgan», deyiladi agentlik rasmiy xabarida.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi fuqarolik pasportidagi xorijga chiqish ruxsatnomasi amal qilish muddati tugagan va tugash arafasida boʻlgan fuqarolarga zudlik bilan xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish kerakligini eslatgan.

Eslatib oʻtamiz, 10-iyul kuni Oʻzbekistondan Koreyaga borganlarning ikki nafarida virus aniqlangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?