Oʻzbekistonliklar uch oyda salkam 6 trln soʻm pulni bankomatlar orqali naqdlashtirib oldi

11:52 18 Aprel 2019 Iqtisodiyot
808 0

Yil boshidan buyon ATM (bankomat) qurilmalari orqali oʻtkazilgan naqd pul berish amaliyotlari soni 11,3 mln.tani, miqdori esa 5 trln 939 327 mln. soʻmni tashkil etdi. Bu haqda Yagona Umumrespublika Protsessing Markazining (YAUPM) ”Xalq soʻzi”ga taqdim etgan 2019 yilning I choragi boʻyicha statistik hisobotlarida qayd qilingan.

Qayd qilinishicha, joriy yilning I choragida elektron kommersiya orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalar soni 73,8 mln. ni tashkil etib, 2018 yilning oʻtgan IV choragida belgilangan 72,1 mln.lik holatiga nisbatan 1,69 mln. soʻm farq bilan 2,3% lik oʻsishni qayd etdi.

2019 yilning I choragida elektron kommersiya boʻyicha amalga oshirilgan tranzaksiyalarning jami miqdori 2 mlrd 516 316 mln. soʻmni tashkil etdi. Ushbu koʻrsatkich 2018 yilning IV chorakida qayd etilgan 2 mlrd 017 000 mln. soʻmga nisbatan 499,3 mlrd. soʻm farq bilan 24,8% lik oʻsishni koʻrsatmoqda.

Joriy yilning I choragida POS-terminallar orqali amalga oshirilgan umumiy tranzaksiyalar soni 131,9 mln. tani, miqdorda esa 15 166 740 mln. soʻmni tashkil etdi.

YAUPM ning statistik maʼlumotlariga tayangan holda, muomalaga chiqarilgan plastik kartalarning umumiy soni joriy yilning I choragida 1 052 816 ta plastik kartani tashkil etgan boʻlsa, 2018 yilning IV choragida qayd etilgan 1 038 336 ta plastik kartalar soniga nisbatan 1,4%. lik oʻsishni namoyon etdi.

Mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan banklar oʻrtasida plastik kartalar emissiyasi boʻyicha yetakchi uchlik aniqlandi. Unga koʻra, birinchi oʻrinni “Xalq banki” (188 424 ta plastik karta), ikkinchi oʻrinni “Agrobank” (183 863 ta plastik karta) hamda uchinchi oʻrinni “Ipoteka Bank” (133 855 ta plastik karta) egalladi.

Bugungi kunga kelib, “SMS-xabarnoma” xizmatiga ulangan Uzcard plastik kartalar soni 9 611 430 donani tashkil etdi. Taʼkidlab oʻtish joizki, YAUPM mamlakatimizda oʻz faoliyatini olib borayotgan 29 ta bank hamda 40 dan ortiq toʻlov tizimlariga protsessing xizmatlarini koʻrsatib kelmoqda.

Eslatib oʻtamiz, 1 maydan boshlab Oʻzbekistonda boshqa bir toʻlov tizimi Banklararo milliy protsessing markazi (HUMO) plastik kartochkalari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?