Oʻzbekistonlik ziyoratchilar umra amalini ado etdilar

16:34 30 Iyul 2019 Madaniyat
478 0

Foto: "Xalq so'zi"

“Xalq soʻzi” maxsus muxbiri Said RAHMONOV Saudiya Arabistonining Makka shahridan xabar qiladi.

Madinai munavvara ziyoratini tamomlagan oʻzbekistonlik ziyoratchilar Makka shahrida izzat-ikrom ila kutib olindi.

Muqaddas ikki shaharning orasi 460 kilometrni tashkil etadi. Ushbu masofa avtobusda oʻrtacha tezlikda 5-6 soatda bosib oʻtiladi. Ammo ehrom bogʻlab, Zul-Hulayfada umraga niyat qilgan ibodatchilar yoʻl olisligini sezishmadi ham. Tilidan “labbayka” tushmagan yoʻlovchilar shaharga kirib kelganini sezmay ham qolishdi.

Makka — Saudiya Arabistonining gʻarbida joylashgan boʻlib, atrofini togʻlar qurshab olgan goʻzal shahar. Havosi Madinadagiga nisbatan salqinroq. Ayni paytdagi harorat bilan yurtimizdagi oʻrtasidagi katta farq sezilmaydi. Buni yurtdoshlarimizning deyarli barchasi taʼkidlashmoqda. Ular shahardagi eng koʻrkam mehmonxonalardan biri — “Abroj al-Hidoya”da joylashdilar.

25 qavatli mehmonxonadan shahar kaftdek koʻrinadi. Ayniqsa, yuqori qavatiga chiqsangiz, atrofning goʻzalligiga boqib toʻymaysiz. Dastlab eʼtiboringiz bir-biridan baland binolar tortadi. Nazarimizda, ularga osmonoʻpar taʼrifidan koʻra, qoyalarga boʻylashgan imoratlar tashbehi koʻproq mos tushadi. Zero, mahalliy aholi aytganidek, makkaliklar togʻlarni talqon qilishning uddasidan ham chiqadi.

Darhaqiqat, shaharda yer resurslari cheklangani yangi imkoniyatlarni ishga solish, aniqrogʻi, togʻlarni oʻzlashtirishga undamoqda. Inson qoʻli, sangtaroshlik mahorati ila baland qoyalar oʻrnida mahobatli imoratlar qad rostlayapti. Bu jarayonda bir zum boʻlsa-da, toʻxtagani. Choʻqqi ustida ishlayotgan ekskavatorlarni koʻrib, aqlingiz shoshadi. Ularga bas-basma qilgandek, bir maromda harakatlanayotgan kranlarga qarasangiz, boshingizdagi doʻppingiz tushib ketdi.

Yangi obyektlarning aksariyatini mehmonxonalar tashkil etadi. Biroq ayni haj mavsumida boʻsh nomerlarni topish qiyin. Oʻzbekiston tomoni hamkorlik qilayotgan shirkatlar taqdim etgan mehmonxona xizmatlaridan barcha birdek mamnun.

— Oʻn nafar bolani tarbiyalab voyaga yetkazdim, — deydi toʻqson yoshning ostonasida turgan chinozlik Savri aya Roziqova. — Ollohga shukr, ularning hammasi oʻzidan tingan. Hozir, toʻrttasi pensiyaga chiqib, qarilik gashtini suryapti. Farzandlar rohatini koʻrishdan ortiq baxt yoʻq ona uchun.

Baraka topishsin, mehmonxonadagilar ham xuddi oʻz bolamizdek gʻamxoʻrlik qilyapti. Hamma sharoit bor. Oshxonada oʻzbekistonlik oshpazlar shirin taomlar tayyorlab berishmoqda. Shifokorlar boʻlsa, holimizdan xabar olib turibdi. Lekin, ochigʻini aytsam, hajga kelib, oʻzimni yoshargandek, tetik his qilyapman.

“Abroj al-Hidoya” mehmonxonasidan Kaʼbatullohga avtobus qatnovi yoʻlga qoʻyilgan. Transportlar ikki tarafga uzluksiz, 24 soat davomida harakatlanadi.

Ziyoratchilar guruh rahbarlari hamrohligida tildan talbiyani qoʻymaguncha Masjidul Haramga yoʻl olishdi.

Haram insoniyat, madaniyat oʻchogʻi, har qanday yomonlik, haqqa tajovuz taqiqlangan muqaddas joydir. Uning qoq markazida insonlar uchun qurilgan ilk ibodat maskani — Kaʼbai muazzama joylashgan. Muqaddas kitoblarda keltirilishicha, u Ollohning uyidir. Bu yerga kelgan, shu joydan panoh topgan moʻmin-musulmonlar esa uning mehmonidir.

— Yaratganga ming qatla shukr, uning baytini ziyorat qilish, Kaʼbani tavof etishga muyassar boʻldim, — deydi qoʻqonlik faxriy pedagog Muhiddin Qalandarov. — Yoshim 78 da. Ibodat avvalida ichki hadik katta edi. Sababi, keyingi 2-3 yildan buyon oyoqlarim ogʻriq bera boshladi. Buni qarangki, tangrining inoyati, mehribonligi boʻldimi, oʻsha ogʻriqdan asar qolmadi. Ishonasizmi, Kaʼbani hech kimning koʻmagisiz yetti marta aylanib, tavof qildim... 

Otaxonning koʻzlaridan shukrona yoshlari duv-duv toʻkiladi. Toʻlqinlanganicha, Safo tepaligiga chiqib, Marva oʻrtasida saʼy qilganini, zamzam suvidan qonib-qonib ichgach, qushday yengil boʻlganini haqida gapiradi.

Darvoqe, hadislarda keltirilishicha, zamzam qorni ochga taom, kasalga shifodir. Yaʼni u nima niyat bilan ichilsa, albatta, unga erishilar ekan. Yana koʻplab ham diniy, ham ilmiy manbalarga qaraganda, zamzam yer yuzidagi eng yaxshi, eng pokiza suv hisoblanadi. Uning tarkibi hech qachon oʻzgarmagan, yillar davomida saqlansa ham taʼmi buzilmagan. Bu suvning yana bir mʼoʻjivaviy xususiyati tugamasligidir. Chindan ham, har yili bu quduq suvidan millionlab ziyoratchilar ichadilar, oʻzlar bilan olib ketadilar. Ammo bir xil meʼyorda suv beradi.

Ayni paytda Marva tepaligi ostida zamzamni toʻplaydigan va uni sovitadigan markaz tashkil etilgan. Sovitish uchun esa uning oʻzidan qilingan muz qoʻshiladi, xolos. Xohlovchilar zamzamning sovitilmaganidan ichishi uchun ham zarur shart-sharoitlar yaratilgan.

Umrani bajarib boʻlgan ziyoratchilarning qaysi bilan suhbatlashmaylik, zamzam suvini ichgach, charchoqlari unut boʻlgani, oʻzlarini tetik his qila boshlaganini aytishadi.

Ha, Makka — Olloh nazari tushgan, Oʻzi aziz qilgan muqaddas manzil. Binobarin, hazrati Odam alayhissalom Momo Havoni shu yerda topdi, ular, yoʻqotgan jannatga shu yerda yetishdilar. Hazrati Ibrohim alayhissalom, u zotning zavjalari Hojar ona va oʻgʻillari Ismoil shu yerda Ollohning ogʻir sinovidan sharaf bilan oʻtdilar. Oxirgi zamon paygʻambari Muhammad (s.a.v.) insoniyatga qaratilgan soʻnggi ilohiy xitobni shu yerda qabul qildilar...

Umrani bajargan oʻzbekistonlik ziyoratchilar zulhijja oyining sakkizinchi tuniga qadar, yaʼni yolgʻon arafagacha Kaʼbani tavof qilib, toat-ibodatda boʻladilar. Xalqimiz, yurtimiz haqqiga duoda boʻladilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?