Oʻzbekistonlik yoshlar “Eurasia Global” xalqaro yoshlar forumida oʻz loyihalari bilan ishtirok etyapti

10:24 16 Avgust 2019 Jamiyat
84 0

Rossiya Federatsiyasining Yoshlar masalalari boʻyicha Federal agentligi tomonidan 12-18-avgust kunlari Orenburg shahrida “Eurasia Global” xalqaro yoshlar forumi oʻtkazilmoqda. Unda ishtirok etayotgan 800 nafar yoshlarning 500 nafarini Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Latviya, Hindiston, Pokiston, Yaponiya, Eron Turkiya, Avstraliya, Ispaniya, Xitoy, Armaniston, Ozarbayjon hamda Gretsiya kabi qator xorijiy davlatlar vakillari tashkil etadi. Xalqaro Forumda Oʻzbekiston delegatsiyasi vakillari ham oʻz loyihalari va taqdimotlari bilan qatnashyapti.

Unda vakillarimiz “Loyiha atrofida jamoani shakllantirish usullari”, “Biznes – ommaviy diplomatiya vositasi”, “Jamoaviy loyihalar yaratish” mavzularidagi seminarlarda oʻz tajribalarini yanada boyitmoqda. Xalqaro yoshlar davrasida dunyoning turli burchaklaridagi koʻngilli yoshlarni ruhlantirish, jozibali fikrlash, yetakchilik qobiliyatini shakllantirish, insonning ruhiy holati va kasb tanlash mahorati boʻyicha ham qizgʻin muhokamalar olib borildi.

Shuningdek, MDHga aʼzo davlatlarning tarixi va istiqbollari, koʻpmillatli yoshlar jamoasini boshqarish boʻyicha oʻtkazilayotgan muloqotlarda turli takliflar oʻrtaga tashlandi.

Bundan tashqari, A.M.Gorchakova nomidagi ommaviy diplomatiyani qoʻllab-quvvatlash Fondi mazkur forum doirasida xorijiy davlatlar ishtirokchilari uchun grant tanlovlari oʻtkazadi. Tanlovda vakillarimiz ham oʻz loyihalari bilan ishtirok etadi.

- Forum doirasidagi tadbirlarda ijtimoiy loyihalashtirish, yoshlar startaplari, madaniyat, sanʼat, tarix va yangi media boʻyicha fikr va tajriba almashyapmiz, – deydi Andijon viloyati, Baliqchi tumani “Oltin Yer Himoya” AJ boshqaruvi raisi, “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti sovrindori Shahrizod Musaboyev. — “Eko.uz smart box” nomli loyiham bilan grant tanlovida ham qatnashib, ekologik muammolarni bartaraf etishga hissa qoʻshmoqchiman.

Shahnoza Nurullayeva


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?