Oʻzbek bokschisi chempionlik kamarini qoʻlga kiritdi

10:38 14 Aprel 2019 Sport
470 0

Foto: «Xalq so‘zi»

Professional boksning yengil (-61,23 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan oʻzbekistonlik Ravshanbek Umurzoqov (8-0, 7 KO) oʻzining navbatdagi jangida chempionlik kamari uchun ringga chiqib, gʻalaba qozondi.

Umurzoqov 13 aprel kuni Moldova poytaxti Kishinyov shahridagi Yengil atletika yopiq manejida boʻlib oʻtgan WBA Asia chempionlik kamari uchun jangda filippinlik Roberto Gonsalesga (28-5, 17 KO) qarshi ringga chiqib, raqibini ikkini raundda nokautga uchratdi. Gonsales birinchi raundning 2:14 soniyasida ham nokdaun holatiga tushgan, biroq jangni davom ettirishga muvaffaq boʻlgandi. Ikkinchi raundning 2:15 daqiqasida esa Ravshanbekning raqibning bosh va jigar qismlariga bergan zarbasidan soʻng filippinlik bokschi yerga quladi.

Natijada Umurzoqov faoliyatidagi dastlabki chempionlik kamarini qoʻlga kiritdi.

Eslatib oʻtamiz, Ravshanbek Umrzoqov bungacha soʻnggi marta 22 fevral kuni Yekaterinburgda boʻlib oʻtgan boks oqshomida ringga chiqib, boshqa bir filippinlik bokschi Rimar Metudani (12-5-1, 7 KO) 4 raundda nokautga uchratib, gʻalaba qozongandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?