Oʻzbekistonlik uch nafar o'quvchi jahon olimpiadasi sovrindori boʻldi

16:15 24 Iyul 2019 Jamiyat
240 0

Kuni kecha Vengriya poytaxti Budapesht shahrida biologiya fanidan oʻtkazilgan 30-jahon olimpiadasida oʻzbekistonlik oʻquvchilar 3 ta bronza medalni qoʻlga kiritdi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

Mazkur olimpiada oʻquvchilar oʻrtasida oʻtkaziladigan eng muhim nufuzli xalqaro tadbirlardan biridir. Joriy yil unda dunyoning 80 ga yaqin davlatidan 300 nafardan ortiq iqtidorli oʻquvchilar ishtirok etdi.

Jumladan, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti qoshidagi akademik litseyi oʻquvchilari Saida Valijonova, Xosiyat Qudratova va Navoiy akademik litseyi oʻquvchisi Husayn Egamovlar ham mazkur olimpiadada ishtirok etib, bronza medal sovrindorlari boʻlishdi.

- Taʼlim muassasamiz oʻquvchi yoshlari 2008-yildan buyon kimyo fani boʻyicha oʻtgan qator jahon va xalqaro olimpiadalarda munosib ishtirok etib, bugungacha ellikka yaqin oltin, kumush va bronza medallarni qoʻlga kiritdi,- deydi Toshkent pediatriya tibbiyot instituti qoshidagi akademik litseyi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ortiqboy Ishonqulov.- Bu galgi jahon olimpiadasida oʻquvchilarimiz biologiya fanidan ham sovrindorlar safidan joy olgani katta yutugʻimiz boʻldi.

Maʼlumki, bugungi kunda mamlakatimizda taʼlim tizimida jadal islohotlar olib borilmoqda. Bu jarayonda taʼlim sifati va samaradorligini oshirish, ilgʻor pedagogik va axborot texnologiyalardan taʼlim jarayonida oqilona foydalanish yuzasidan muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda 300 nafardan ziyod oʻquvchilar tahsil olayotgan Toshkent pediatriya tibbiyot instituti qoshidagi akademik litseyi pedagogik jamoasi ham bu borada taʼlim tizimi oldida turgan vazifalarni izchillik bilan amalga oshirish, yoshlarga xalqaro andozalar darajasida taʼlim berishga alohida eʼtibor qaratmoqda.

Taʼlim muassasasi professor-oʻqituvchilari bu jarayonda mamlakatimiz va xorijdagi yetakchi ilm-fan, taʼlim maskanlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Buning natijasida xorijdagi va mamlakatimizdagi nufuzli ilm-fan muassasalarining olimlari va pedagoglar taʼlim jarayoniga jalb etilayapti. Dars va mashgʻulotlarni oʻtishda poytaxtimizdagi va Rossiyadagi oliy oʻquv yurtlarining oʻquv-ilmiy bazalaridan samarali foydalanilayapti.

Maʼlumotlarga koʻra, ayni kunlarda akademik litseyning yana bir guruh yoshlari Fransiya poytaxti Parijda kimyo fanidan oʻtayotgan xalqaro olimpiadada ishtirok etayapti. Demak, xorijdan yoshlarimizning zafarli odimlari haqida xushxabarlar kelishi davom etadi, degan umiddamiz.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?