Oʻzbekistonlik sportchilar Osiyo oʻyinlarining beshinchi kunida beshta medal qoʻlga kiritishdi

11:13 24 Avgust 2018 Sport
240 0
​Foto: MOQ

Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida oʻtkazilayotgan Osiyo oʻyinlarining beshinchi kuni ham nihoyasiga yetdi. Bugungi bahslarda bir qator sportchilarimiz yurtimiz sharafini munosib himoya qilishdi. Kun davomida oʻzbekistonlik sportchilar Osiyo oʻyinlarining beshta medaliga egalik qilishdi.

Kunning birinchi qismida akademik eshkak eshuvchilarimiz medallar dastasini qoʻlga kiritishdi. Juftlik bahslarida Shahboz Holmurzayev va Shahboz Abdujabborovlar oʻz chiqishlarida marraga birinchi boʻlib yetib borishdi va oltin medalni terma jamoamiz hisobiga qoʻshib qoʻyishdi. Soʻngra Sardor Toʻlqinxoʻjayev va Alisher Turdiyevlardan tashkil topgan boshqa bir juftligimiz medallar uchun startga chiqishdi va ikkinchi oʻrinni egallab, kumush medalga sazovor boʻlishdi. Toʻrtlik bahslarida ishtirok etgan sportchilarimiz esa (Islambek Mambetnazarov, Otamurod Rahimov, Shehroz Hakimov, Zafar Usmonov) bronza medalini sport delegatsiyamizga taqdim etishdi.

Taekvondo boʻyicha -49kg vazn toifasida bahslarda qatnashgan 17 yoshli sportchi qizimiz Madinabonu Mannopova musobaqa davomida Gonkong, Livan va Yaponiya vakillarini magʻlubiyatga uchratib, finalgacha yetib bordi. Hal qiluvchi bahsda esa tailandlik Panipak Vongpattanakitga imkoniyatni boy berdi va yakunda kumush medal sohibasiga aylandi.

Sport gimnastikasida afsonaviy sportchimiz, 43 yoshli Oksana Chusovitina oʻzining sevimli uslubi hisoblangan tayanib sakrash mashqlarida ishtirok etdi va yakunda ikkinchi natijani qayd etib, kumush medalni qoʻlga kiritdi.

Umumiy hisobda sportchilarimiz bugun 1 ta oltin, 3ta kumush va 1ta bronza medallariga ega chiqishdi.

Beshinchi kun yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston sport delegatsiyasi hisobida 19ta medal mavjud. Vatanimiz sportchilari besh kun ichida 4ta oltin, 8ta kumush va 7ta bronza medallarini terma jamoamiz hisobiga qoʻshib qoʻyishga ulgurishdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?