Oʻzbekistonlik sportchi sport sohasidagi “Oskar” mukofoti bilan taqdirlandi

15:50 10 Sentyabr 2018 Sport
741 0
Foto: wrestling.com.ua

Ukrainaning Odessa shahrida Xalqaro mukofot — “Oltin mangust — 2018” mukofotining taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Unda oʻzbek sport oilasi vakillari ham tashkilotchilar eʼtirofiga sazovor boʻlishdi.

MOQ matbuot xizmati xabariga koʻra, taqdirlash marosimida yaqinda Indoneziyada yakunlangan Osiyo oʻyinlarida oltin medalni qoʻlga kiritgan Bekzod Abdurahmonov “Jismoniy tarbiya va sport rivojiga qoʻshayotgan hissasi uchun” nominatsiyasida taqdirlandi. Aytish joizki, Jakartadagi muvaffaqiyatdan soʻng endi Bekzod Osiyo oʻyinlarining ikki karra gʻolibi hisoblanadi.

Shuningdek, Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi oʻrinbosari Shomurod Shofayziyev ham “Jismoniy tarbiya va sport rivojiga qoʻshayotgan hissasi hamda xalqlar orasidagi doʻstlikni mustahkamlayotgani uchun” nominatsiyasida tashkilotchilar tomonidan mukofotlandi.

“Oltin mangust” (“Golden Mongoose”) mukofoti sport sohasidagi “Oskar” hisoblanadi. Mukofot eng yaxshi sportchilar, sport faxriylari, sport rivoji va sogʻlom avlod tarbiyasiga oʻz hissasini qoʻshayotgan biznesmen va siyosatchilarga beriladi. Taqdirlash marosimi har yili oʻtkaziladi. Bungacha 180 nafardan ortiq sport oilasi vakili ushbu mukofot bilan taqdirlangan. 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?