Oʻzbekistonlik sambochilar Moskvada boʻlib oʻtadigan jahon kubogida ishtirok etadi

17:06 14 Mart 2019 Sport
376 0

Joriy yilning 22-23 mart kunlari Rossiya poytaxtida sambo boʻyicha jahon kubogi uchun bellashuvlar boʻlib oʻtadi. Ushbu musobaqada Oʻzbekiston milliy terma jamoasi ham ishtirok etadi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Sambo sporti asoschilaridan biri A.A.Xarlampiyev xotirasiga bagʻishlab oʻtkazilayotgan musobaqada Armaniston, Belarus, Vengriya, Venesuela, Germaniya, Irlandiya, Ispaniya, Italiya, Kipr, Kuba, Kamerun, Qozogʻiston, Koreya, Moldova, Marokash, Niderlandiya, Rossiya, Ukraina, Filippin, Yaponiya kabi jami 21 davlatdan 250 sportchi ishtirok etishi kutilmoqda.

Erkaklar (52, 57, 62, 68, 74, 84, 90, 100 va +100 kg) va ayollar oʻrtasida (48, 52, 56, 56, 60, 64, 68, 72, 80 va +80 kg), shuningdek jangovar sambo (52 gacha, 57, 62, 68, 74, 84, 90, 100 va +100 kg vazn toifalarida) boʻyicha oʻtadigan bellashuvlarda bir necha bor jahon va Yevropa chempionligini qoʻlga kiritgan sport ustalari ishtirok etishadi.

Jahon kubogida Roman Shakirov murabbiyligida quyidagi 9 nafar sportchi Oʻzbekiston sharafini himoya qiladi.

Erkaklar:

– 62 kg: Davlatjon Hamroyev
– 68 kg: Timur Xudoyqulov
– 74 kg: Abbos Jalolov
– 90 kg: Neʼmat Yoqubov

Ayollar:

-52 kg: Zuxraxon Maʼmurjonova
-60 kg: Zarnigor Oʻrmonova

Jangovar sambo:

– 74 kg: Istam Qudratov
– 82 kg: Bekzod Nurmatov
+100 kg: Hakimjon Ismoilov

Maʼlumot uchun, 1983 yilda “A” toifa darajasi berilgan mazkur musobaqa gʻoliblariga xalqaro toifada sport ustasi unvoni beriladi. 2009 yildan boshlab “Xarlampiyev memoriali” sambo boʻyicha jahon kubogi va superkubogi bosqichlari orasida eng nufuzlisi, deya tan olingan. 2015 yildan esa mazkur turnir ushbu sport turi boʻyicha rasmiy va yagona jahon kubogi hisoblanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?