Oʻzbekistonlik qilichboz qizlar Osiyo qitʼasi reytingida kuchli uchlikka kirdi

10:41 19 Noyabr 2018 Sport
278 0

Poytaxtimizda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha oʻsmir qizlar oʻrtasida jahon kubogi boʻlib oʻtdi.

Musobaqaning jamoaviy yoʻnalishida ishtirok etgan sportchilarimiz kumush medalga sazavor boʻlishdi. Qizlarimiz turnir davomida Moldova va Germaniya terma jamoasi vakillaridan ustun kelishgan boʻlsa, final bosqichida rossiyalik raqiblarga magʻlub boʻlishdi. Bellashuvlarda yurtimiz sharafini Zaynab Dayibekova, Sevinch Ismoilova, Shahnoza Togʻaymurodova va Aysulu Usnatdinovalar himoya qilishdi. Eʼtiborli jihati, shu paytgacha oʻzbekistonlik qilichbozlar jahon kubogi bahslarida sovrindan boʻlmagan edi.

Musobaqaning yakkalik bahslarida bolgariyalik Yoana Iliyeva, rossiyalik sportchilar Valeriya Kobzeva va Alina Mixaylova medallarni qoʻlga kiritdi.

Mazkur natijadan soʻng Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasi jahon reytingida 12, Osiyo qitʼasida esa 3-oʻringa koʻtarilib oldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?