Oʻzbekistonlik oʻquvchilar Xalqaro matematika musobaqasida 14 ta medallarni qoʻlga kiritdi

09:56 07 Avgust 2019 Jamiyat
95 0

1-6-avgust kunlari Janubiy Afrika Respublikasining Durban shahrida oʻtkazilgan Xalqaro matematika musobaqasida (IMC 2019) yurtimiz terma jamoasi aʼzolari 14 ta medal va 2 ta faxriy yorliqni qoʻlga kiritdi. Bu XTV matbuot xizmati xabar berdi.

Jumladan, Buxoro viloyati, Qorakoʻl tumanidagi 1-IDUMIning 7-sinf oʻquvchisi Anvarjon Rahmatov musobaqaning oltin medaliga sazovor boʻldi. Peshku tumanidagi 18-maktabning 10-sinf oʻquvchisi Jahongir Norboyev kumush medal, Qorakoʻl tumanidagi 1-IDUMIning 9-sinf oʻquvchisi Olimjon Olimov, Kitob tumanidagi 1-IDUMIning 10-sinf oʻquvchisi Eldor Neymatov, Buxoro viloyati, Qorakoʻl tumanidagi 1-IDUMIning 7-sinf oʻquvchisi Toʻymurod Qodirov, Urganch shahridagi 6-IDUMIning 7-sinf oʻquvchisi Bekzod Maqsudov bronza medal bilan taqdirlandi.

Shu bilan birga jamoaviy masala yechish musobaqasida Oʻzbekiston terma jamoasi bronza medaliga sazovor boʻldi.

Musobaqada 41 ta davlatdan taʼlim tizimlari umumeʼtirof etilgan Janubiy Koreya, Xitoy, Singapur, Gonkong, AQSH, Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya, Ruminiya, Bolgariya va h.k.lardan 500 nafardan ortiq eng iqtidorli oʻquvchilar matematikaning kombinatorika, sonlar nazariyasi, geometriya boʻlimlariga oid murakkab va nostandart masalalarni yechishda bellashgan.

Eslatib oʻtamiz, Xalq taʼlimi vazirligi tashabbusi bilan 2014-yildan boshlab mamlakatimiz oʻquvchilari xalqaro matematika musobaqasida ishtirok eta boshladi. Mamlakatimiz oʻquvchilari 2014-yildan boshlab hozirgi kunga qadar 3 ta oltin, 7 ta kumush, 4 ta bronza medallarni qoʻlga kiritgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?