Oʻzbekistonlik oʻquvchilar Elektron taʼlim jahon musobaqasi final bosqichida ishtirok etmoqda

16:20 20 Avgust 2019 Jamiyat
95 0

Joriy yilning 18-24-avgust kunlari Pusan shahri (Koreya Respublikasi) mezbonlik qiladigan IX e-ICON Elektron taʼlim jahon musobaqasi final bosqichida ikki nafar oʻquvchi va bir nafar oʻqituvchidan iborat Oʻzbekiston terma jamoasi ham ishtirok etmoqda. Bu haqda XTV axborot xizmati xabar berdi.

Musobaqaning asosiy maqsadi, AKTdan taʼlimda keng foydalanadigan yuqori malakali oʻqituvchi va oʻquvchilarni koʻpaytirishdir. Mazkur musobaqada oʻqituvchilar masofaviy taʼlim sohasida turli davlatlardan kelgan hamkasblari bilan tajriba almashishga,mahorat darslarida Koreya mutaxassislari koʻmagida AKT sohasidagi bilim va koʻnikmalarini mustahkamlash imkoniga ega boʻladi. Bundan tashqari, AKT va taʼlim sohasida oʻz loyihalarini taqdim etib, munosib yutuqqa sazovor boʻlishlari mumkin.

Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufidagi Xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabi oʻqituvchisi Cabohat Mahmudova hamda ushbu maktabning 11-sinf oʻquvchilari Barno Nurmuhammedova va Nastarin Mahmudovalar mazkur nufuzli musobaqada yurtimiz sharafini himoya qilishmoqda.

Koreya taʼlim vazirligi tomonidan tashkil etilgan IX e-ICON Elektron taʼlim jahon musobaqasida 25 davlatdan 700 nafar oʻquvchi qatnashib, Pusan shahridagi final bosqichiga 12 davlatdan 130 ishtirokchi yoʻllanmani qoʻlga kiritdi. Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston ushbu musobaqada birinchi marta ishtirok etmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?