Oʻzbekistonlik Olimpiada chempioni vafot etdi

12:12 26 Mart 2019 Sport
540 0

Foto: YouTube / Olympic

Changʻi akrobatikasi boʻyicha tarixdagi nafaqat Oʻzbekiston, balki jahon boʻyicha ilk Olimpiada chempioni Lina Cheryazova 23 mart kuni 51 yoshida Novosibirskda vafot etdi. Fristaylchi uzoq davom etgan xastalikdan soʻng hayotdan koʻz yumdi. U Novosibirskdagi Kleshchixinskiy qabristoniga dafn etiladi.

Lina Cheryazova 1968 yil 1 noyabr kuni Toshkentda tugʻilgan. U 1989 yili SSSR terma jamoasi tarkibida fristayl boʻyicha Jahon kubogida debyut qilgan. Sovet Ittifoqi parchalangach, xalqaro musobaqalarda Oʻzbekiston nomidan ishtirok etgan. Norvegiyaning Lillehammer shahrida boʻlib oʻtgan 1994 yilgi Olimpiadada oltin medalni qoʻlga kiritgan — bu hamon Oʻzbekistonning qishki Olimpiadalardagi yagona oltin medali boʻlib turibdi.

Olimpiadadagi gʻalabasidan soʻng, sportchi 25 yoshida Amerikaning Leyk-Plesid qishlogʻidagi mashgʻulotlar vaqtida boshidan ogʻir jarohat olgan. Keyinchalik u nafaqat oyoqqa tura oldi (jarohatdan keyin ikki hafta komada yotgan), balki katta sportga ham qaytishga muvaffaq boʻldi. 1998 yili Nagano (Yaponiya)da boʻlib oʻtgan qishki Olimpiadaga yoʻllanma oldi, faoliyatidagi soʻnggi hisoblangan ushbu musobaqada 13-oʻrinni egalladi.

Lina Cheryazova 1994 yili Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sportchi, 1998 yili esa “Oʻzbekiston iftixori” unvoni bilan bilan taqdirlangan. 2006 yili esa Rossiyada xizmat koʻrsatgan sport ustasi unvoni bilan taqdirlangan. “Kommersant”ning yozishicha, u 2006 yili Novosibirskda qashshoqlik yoqasida kun kechirishga majbur boʻlgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?