Oʻzbekistonlik olimlar Belarusda oqsil va peptidli dori preparatlar ustida tadqiqotlar olib bormoqdalar

14:14 01 Avgust 2019 Jamiyat
175 0

Innovatsion rivojlanish vazirligining tashabbusi bilan mamlakatimizning 100 nafarga yaqin yosh olimlari va 30 nafarga yaqin oliy taʼlim muassasalarining ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha proyektorlari va ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosarlari Belarus Respublikasida qisqa muddatli ilmiy stajirovkani oʻtamoqdalar. Oʻzbekiston-Belarus kelishuvlari doirasida tashkil etilgan yosh olimlarning ilmiy stajirovkasi Minsk shahridagi tashkil qilingan.

Yosh stajyor tadqiqotchilarning 29 nafari Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy tadqiqot muassasalaridan tanlov asosida saralab olingan yosh olimlar boʻlib, ular Belarus Milliy Fanlar akademiyasining 16 ta nufuzli ilmiy-tadqiqot institutlarining ilgʻor laboratoriyalarida aniq, tabiiy va gumanitar fan sohalari boʻyicha oʻzlarining ilmiy tajribalarini oshirmoqdalar. Bu yosh olimlar orasida fan doktorlari, fan nomzodlari, ilmiy xodimlar va tayanch doktorantlar ham bor.

OʻzR FA Bioorganik kimyo institutidan kelgan 5 nafar yosh olim Belarus Milliy Fanlar akademiyasining Bioorganik kimyo institutining Oqsillar injeneriyasi, Tadqiqotning fizik-kimyoviy usullari, Molekulyar diagnostika va biotexnologiya hamda Toksikologiya laboratoriyalarida kimyo, biologiya va farmakologiyaning zamonaviy usullarini oʻzlashtirmoqdalar. Ayniqsa, bugungi kundagi biokimyo va molekulyar biologiya fanlari negizida paydo boʻlgan proteomika (oqsillar kimyosi va biologiyasi) kabi tor sohaning ilgʻor usullarining nazariy hamda amaliy jihatlarini oʻrganish yosh olimlarning oldilariga qoʻygan dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi.

Maʼlumki, oqsillarning biologik va kimyoviy oʻziga xosliklari orqali hozirgi kunda yangi avlod dori vositalari yaratish butun dunyo olimlarini eʼtiborini jalb qilib kelayotgan yoʻnalishlardan biridir. Oqsil va peptid tabiatli dori preparatlarining samaradorligi, kichik dozalarda effektiv taʼsirga ega ekanligi hamda inson salomatligiga salbiy taʼsirining kamligi hisobga olinsa, oqsil tabiatli biofaolorganik birikmalardan farmatsevtik ishlab chiqarishda va tibbiyot amaliyotida dori vositalari ishlab chiqarishni keng yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiqdir. Yurtimizda bu sohani rivojlantirish uchun oqsil tabiatli biofaol birikmalarning tuzilishi va fizik-kimyoviy xossalarini zamonaviy usullar orqali chuqur tadqiq qilish, proteomika usullarini batafsil oʻrganish talab etiladi.

Bioorganik kimyo instituti yosh olimlari Belarus milliy Fanlar akademiyasining Bioorganik kimyo institutidagi stajirovka davomida ushbu masalalarning amaliy yechimini topishga astoydil bel bogʻlaganlar hamda Oʻzbekiston Respublikasining ilm-fani rivojlanishiga qolaversa, ishlab chiqarishni rivojlantirishga hissa qoʻshishga bor bilim va mahoratlarini ishga soladilar.

Sanjar SHERIMBETOV,

OʻzR FA Bioorganik kimyo instituti yetakchi ilmiy xodimi, biologiya fanlari doktori.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?