Oʻzbekistonlik mutaxassislar klaster boʻyicha Rossiya tajribasini oʻrganishdi

10:51 15 Fevral 2019 Iqtisodiyot
231 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining xodimlari klasterlar, texnoparklar va maxsus iqtisodiy zonalarni yaratish va faoliyatini boshqarish tajribasini oʻrganish maqsadida Rossiya Klasterlar va texnoparklar uyushmasida bir haftalik stajirovka oʻtab keldilar. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

- Oʻzbekistonlik hamkasblarimiz Lipesk oblasti, Moskva va Sankt­ Peterburgga safar qildilar, ­dedi Rossiya Klasterlar va texnoparklar uyushmasi direktori Andrey Shpilenko. - Bizning texnoparklar, maxsus iqtisodiy zonalar va klasterlar bilan tanishib, ularning faoliyati, meʼyoriy-huquqiy hujjatlari bilan tanishdilar, oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Mazkur safarning foydali jihati shundaki, avvalo mutaxassislar terminlarni bir xil tushunishlari, yaʼni unifikatsiyalashtirish orqali Rossiya amaliyoti tatbiq etilgan taqdirda bu mexanizmlardan ham Oʻzbekistonda, ham Rossiyada foydalanish imkoniyati vujudga keladi.

Innovatsion rivojlanish vazirligining Real sektorga innovatsiyalarni joriy qilish va tadqiq etish boshqarmasining bosh mutaxassisi Nurbek Zulqaynarov hamda yetakchi mutaxassisi Ilyos Manapov Rossiya korxonalari infratuzilmalarining yuqori darajada ekanini, klaster ishtirokchilari oʻrtasidagi ichki hamkorlik, hududiy va federal hukumat bilan aloqalar ham toʻgʻri yoʻlga qoʻyilganini qayd etdilar. Oʻz navbatida, Uyushma real sektor va davlat tuzilmalari oʻrtasida koʻprik vazifasini oʻtaydi. Oʻzbekistonlik innovatorlarga, ayniqsa Moskvadagi “Kalibr” texnoparkining yutuqlari katta taassurot qoldirdi.

- Rossiya tajribasini oʻrganib, shunday xulosaga keldimki, avvalo yangi olgan bilimlarimizga asoslanib, yurtimiz sanoat sohasini tahlil qilish lozimligini tushundik. Klaster va texnoparklarning samaradorligi va jozibadorligini oshirish uchun qanday mexanizmlarga ehtiyoj sezilayotganini aniqlash maqsadida kichik va oʻrta biznes vakillari oʻrtasida monitoring oʻtkazish shart, - deya taʼkidladi N. Zulqaynarov.

Oʻzbekistonlik delegatsiya, shuningdek, “Texnopolis “Moskva” maxsus iqtisodiy zonaga tashrif buyurdilar, “Kompozitы bez granis” klasteri faoliyati bilan tanishdilar. Bundan tashqari RF Davlat Dumasi deputati Denis Kravchenko va Rossiya Sanoat-savdo vazirligi xodimlari bilan uchrashuvlar boʻldi. Ular klasterlar, texnoparklar, ochiq iqtisodiy zonalar faoliyatini huquqiy taʼminoti borasida Rossiya hukumatining hamkorligi, davlat tomonidan ularni qay darajada qoʻllab-quvvatlanishi haqida soʻzlab berdilar.

Biznes-birlashmalarning faoliyatini delegatsiya aʼzolari “Texnopark-Lipesk” texnoparki hamda “Lipeskmash” klasteri tajribasida oʻrgangan boʻlsalar, “Sankt-Peterburg” texnoparkining boshqaruv kompaniyasi xodimlari texnopark rezidentlari va boʻlimlarining faoliyati borasida tajribalari bilan oʻrtoqlashdilar. Delegatsiyaning bir haftalik safari “Sankt-Peterburg” Klaster rivojlanish markazi va “Sankt-Peterburg” ochiq iqtisodiy zonasiga tashrifi bilan yakunlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?