Oʻzbekistonlik mutaxassislar ajriq ildizidan qahva olishni oʻzlashtirdi. U saratonga davo boʻlishi mumkin. Ammo...

14:47 26 Dekabr 2018 Jamiyat
1252 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekistonlik mutaxassislar ajriq ildizidan qahva olishni oʻzlashtirdi. U saratonga davo boʻlishi mumkin. Ammo ushbu innovatsion gʻoyani amalga oshirish uchun mablagʻ yoʻq. Shu bois loyiha mualliflari mana uch oydan beri hali u eshikka, hali bu eshikka bosh suqish bilan ovora-yu sarson. Ushbu innovatsion gʻoya mualliflari bilan suhbatimiz ham ana shu mavzuda boʻldi.

— Aslida yurtimizdagi har bir giyohda foydali xususiyat bor. Hattoki yovvoyisida ham, — deydi Chinoz tumani “Ekodunyo” fermer xoʻjaligi rahbari Dilnoza Yoʻldosheva. — Maʼlumki, ajriq qishloq xoʻjaligiga katta zarar yetkazuvchi yovvoyi oʻt hisoblanadi. Dehqon va fermerlarimizni qiynayotgan muammolardan biri ham aynan ekin maydonlarini ajriqdan xalos qilish, desak yanglishmagan boʻlamiz. Ammo ushbu zararli oʻsimlikdan ham foydali mahsulot olish mumkin.

— Ajriq tomiridan olinadigan qahva shifobaxsh xususiyati bilan eʼtiborli, — deydi ushbu gʻoya mualliflaridan yana biri Guljahon Mavlonova. — Uni har qanday yoshda isteʼmol qilish mumkin. Tarkibidagi tabiiy moddalar quvvatbaxshdir. Buyuk alloma Ibn Sino aytganlaridek, dori ovqatday boʻlishi kerak, ovqat doriday. Ajriq tomiridan olinadigan qahva esa ayni shu taʼrifga mos. Kasbim tabibligi bois, oʻsimliklarga eʼtiborim, mehrim boʻlakcha. Har qanday zararli oʻtda ham bir foydali jihat koʻraman.

Oʻsimlikshunos fermer ayollarning fikricha, ajriq ildizi odam organizmi uchun foydali. U hatto saratonni davolashi ham mumkin! Boisi ajriqda yashovchanlik xususiyati oʻta kuchli.

“Koʻp kuzatganmiz, ajriq suvsiz yerlarda, choʻllarda, hatto betonlar orasini yorib chiqib ham oʻsib chiqadi va tez koʻpayadi. Unda hayotga tashnalik kuchli. Ajriq ildizini terib olish, tozalab quritish, undan qahva tayyorlash esa oddiy jarayon emas. Boisi ildizlar noyabr — fevral oylar oraligʻida yerdan qazib olinishi kerak boʻladi. Buning uchun ishchi kuchi, asbob-uskuna va mablagʻ zarur”, - deydi fermer.

Shu kunlarda fermerlar mana shu innovatsion loyihani amalga oshirish uchun astoydil harakat qilmoqda. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tomonidan ushbu turdagi qahva tekshirilib, isteʼmolga yaroqli, deb tasdiqlandi. Endi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan mablagʻ ajratilsa bas. Ammo vaqt oʻtib bormoqda. Negaki, fevral oyining oʻninchi sanasiga qadar ajriq ildizlari terib olinishi kerak.

— Loyihamiz Innovatsion rivojlanish vazirligiga juda maʼqul keldi — deydi D. Yoʻldosheva. — Hatto bu loyihani poytaxtda ham sinab koʻrish taklifi berildi. Ammo biz bunga hozircha tayyor emasmiz. Nega deganda, bizning asosiy maqsadimiz chekka hududlarda ham ish oʻrinlari yaratish. Yer bilan tillashishda qishloqdagilarga teng keladigani yoʻq. Ammo bizga xomashyo va ishchilarga haq toʻlashimiz uchun mablagʻ kerak. Agar biz zarur miqdordagi mablagʻga ega boʻlsak, nafaqat yangilik yaratgan, ish oʻrinlari tashkil etgan, balki dehqon va fermerlarimizga ham katta foyda keltirgan boʻlar edik. Chinozda 2.5 ming gektar yer ajriq bosib yotibdi. Respublikamizda esa bunday ekin maydonlari juda koʻp. Faqat ildizlarni noyabr — fevral oylari oraligʻida — ajriq nish urmasdan terib olinishi kerak. Koʻkarishga ulgurgan ajriq ildizidan esa qahva tayyorlab boʻlmaydi...

Yana bir masala. Yangi noanʼanaviy mahsulot isteʼmolchilarga qanchalik maʼqul tushadi. Uni ommaviylashishiga ishonch bormi? Mutaxassislarning fikricha, loyihaning bu jihati ham eʼtibordan chetda qoldirilmagan.

— Ajriq ildizidan tayyorlanadigan qahvaning tez fursatda odamlar eʼtiboriga tortmasligi mumkin, — deydi G. Mavlonova. — Biz, bundan aslo xavotirga tushayotganimiz yoʻq. Mahsulot tarkibidagi moddalar inson salomatligiga mutlaqo zararsiz, aksincha, foydali ekanligini tushintirib, buni ilmiy jihatdan isbotlab berishga harakat qilamiz. Ehtimol bu biroz vaqt talab qilar. Biroq ishonamizki, xalqimiz bunga aslo befarq qaramaydi. Qolaversa, tabiiy mahsulotga har joyda ehtiyoj boʻladi. Natijalar kutilganidek boʻlsa, ushbu mahsulotimizni keyinchalik eksport qilishni reja qilganmiz. Yana bir jihati bor. Tabiiy mahsulot, albatta, qimmat boʻladi. Aholiga yanada qulay boʻlishi uchun buning ham sarhisobini olganmiz. Masalan, bir gramm ajriq ildizidan olingan mahsulotdan ikki finjon qahva tayyorlasa boʻladi. Shundan kelib chiqqan holda aytishim mumkinki tannarx uncha qimmat boʻlmaydi.

— Ajriq ildizidan qahva olish yagona innovatsiyamiz emas. Biz yana koʻplab tabiiy mahsulotlar yetishtirishni rejalashtirganmiz, — deya soʻzida davom etdi D. Yoʻldosheva. — Ammo hamma narsa mablagʻga borib taqalganda ishimiz toʻxtab qolmoqda. Innovatsion rivojlanish vazirligiga tinimsiz qatnamoqdamiz. Hali tayinli javob olganimizcha yoʻq. Agar oy oxirigacha mablagʻ olishga ulgursak, qish tugaguncha hech boʻlmaganda 100 gektar maydondan ajriq ildizlarini berib olgan boʻlardik.

Ajriq ildizidan kofe tayyorlashni oʻzlashtirilishini chindan ham katta voqea sifatida baholash mumkin. Bu loyihani amalga oshishi orqali nafaqat qishloq xoʻjaligi ekin maydonlarining sifati yaxshilanadi (yurtimizda ajriq bosgan maydon kammi), balki inson salomatligi, iqtisodiyot uchun ham katta foyda keltirishi mumkin. Yaʼni odamlarning bandligi taʼminlanadi, mavsumiy ish oʻrinlari ochiladi. Eng muhimi, kelgusida mahsulotlar jahon bozoriga chiqsa, eksportdan valyuta kelib tushadi. Lekin afsuski, mazkur gʻoyani amalga oshirish choʻzilib ketmoqda. Negaki, uni hayotga tatbiq etish uchun zarur mablagʻ yoʻq. Shu bois gʻoya mualliflari mana uch oydan beri hali u eshikka, hali bu eshikka bosh suqish bilan ovora-yu sarson. Shunday ekan mazkur masalaga Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar ijobiy yechim topadi, degan umiddamiz. “Xalq soʻzi” mazkur mavzuga yana qaytadi...
Fazliddin ABILOV,
Yulduz OʻRMONOVA,
“Xalq soʻzi” muxbirlari.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?