Oʻzbekistonlik minomyotchilar xalqaro tanlovni bronza medali bilan yakunladi

14:55 14 Avgust 2019 Jamiyat
56 0

Kecha, 13-avgust kuni Qozogʻistonning “Otar” bazasi poligonida minomyotchilar hisobi oʻrtasida oʻtkazilgan “Artilleriya olovi ustalari” xalqaro tanlovining yakuniy natijalariga koʻra, Oʻzbekiston faxrli uchinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Eng yaxshi natijani esa mezbon — Qozogʻiston jamoasi koʻrsatgan boʻlsa, ikkinchi oʻrin Rossiyaga nasib etdi.

Tanlov bosqichlari: “Individual poyga”, “Tungi sprint” va “Estafeta”. Texnikalar: 120 millimetrli 2B11 minomyot, koʻp maqsadli yengil tyagach va zirhlangan MT-LB mashinasi.

Tanlovda Armanston, Belarus, Venesuela, Ozarbayjon, Zimbabve, Eron, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Rossiya, Suriya, Tojikiston va Oʻzbekiston jamoalari birinchilik uchun oʻzaro kurashdi.

Oʻzbekistonlik minomyotchilar 1- va 2-bosqichlardagi natijalariga koʻra, Ozarbayjon va Belarus jamoalari bilan bir qatorda umumjamoa hisobida 3-oʻrinni qoʻlga kiritgan edi.

Soʻnggi “Estafeta” bosqichida esa Qozogʻiston va Rossiya jamoalari birinchi va ikkinchi oʻrinda boʻlib oldi. Oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilar esa kuchli uchlikka kirishga muvaffaq boʻldi.

Shuningdek, kecha, 13-avgust kuni Moskva viloyatidagi “Alabino” poligonida Oʻzbekiston jamoasi “Tank biatloni” musobaqasining ikkinchi divizionidagi yarim final bahslarida ajoyib natija koʻrsatib, finalga yoʻl oldi. Oʻzbekistonlik tankchilar 24 ta imkoniyatdan 10 ta nishonni yakson qildi.

Joriy yilda ilk bor ishtirok etgan oʻzbekistonlik tankchilar ikkinchi divizionning 15-avgust kuni boʻlib oʻtadigan final bahslarida birinchilik uchun kurashadi. Birinchi divizion gʻoliblari esa 17-avgust “ArMI—2019” xalqaro armiya oʻyinlarining yopilish kunida aniqlanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?