O’zbekistonlik kursantlar Xalqaro olimpiadada uchinchi o’rinni qo’lga kiritishdi

13:29 02 Aprel 2018 Jamiyat
545 0
Foto: Mudofaa vazirligi

Joriy yilning 26 — 30 mart kunlari Armanistonning Erevan shahrida kursantlar o’rtasida chet tili yo’nalishida o’tkazilgan Xalqaro olimpiadada o’zbekistonlik kursantlar uchinchi o’rinni qo’lga kiritishdi. 

E’tiborlisi, mazkur bilimlar bellashuvida vakillarimiz birinchi marta qatnashan bo’lishsa-da ana shunday yuqori natijaga erishishdi. Mazkur olimpiadada O’zbekiston, Rossiya, Belarus, Qozog’iston hamda mezbon davlat kursantlaridan iborat 9 ta jamoa g’oliblik uchun bellashdi. 

Olimpiadada yurtimiz sharafini Mudofaa vazirligiga qarashli O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari “Tinchlik yo’lidagi hamkorlik” dasturi tayyorlash markazi ingliz tili kafedrasi mudiri Ilya Zverev boshchiligida Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti uchinchi bosqich kursanti Abbos Rahimjonov, ikkinchi bosqich kursantlari Laziz Rahimov va Bekpo’lat Boqijonov iborat jamoamiz himoya qildi.Xalqaro olimpiadada Rossiya jamoasi birinchi, Armaniston kursantlari ikkinchi o’rinni qo’lga kiritdi. 

Nufuzli musobaqada O’zbekiston sharafini munosib himoya qilgan harbiy xizmatchilarimiz I. Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olinadi. 

Kursantlar o’rtasidagi Xalqaro olimpiadaning navbatdagi bahslari (matematika bo’yicha) bugun Qozog’istonda boshlandi. Unda mamlakatimiz sharafini Chirchiq oliy tank qo’mondonlik-muhandislik bilim yurti kursantlari himoya qilishmoqda.

Bellashuvlar g’oliblari 6 aprel kuni ma’lum bo’ladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?