O‘zbekistonlik harbiy qurolsozlar ikkinchi natijani qayd etdi

19:01 30 Iyul 2018 Jamiyat
162 0
Arxiv foto

Rossiyada bo‘lib o‘tayotgan IV Xalqaro armiya o‘yinlarining “Qurolsoz usta” tanlovining birinchi bosqichi bo‘lgan gaubitsani shatakka olib tortib borish yo‘nalishida o‘zbekistonlik harbiylar ikkinchi o‘rinni egalladi. Birinchi o‘rin mezbonlar vakillari – Penza artilleriya muhandislik instituti jamoasiga nasib etdi. Qozog‘istonliklar uchinchi natijani qayd etdi. Bu haqda IV Xalqaro armiya o‘yinlari matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur bellashuvlarda harbiy xizmatchilar oldiga zararlangan 122 mm.li “D-30A” gaubitsasini front sharoitida ta’mirlash bazasiga olib borish va qurolni soz holatiga keltirish sharti qo‘yildi.

Qurolni manzilga yetkazib borish uchun ishtirokchilar suvli to‘siq, tepalik, qiyalik kabi murakkab yo‘llarni o‘z ichiga olgan 4 km.lik masofani bosib o‘tishlariga to‘g‘ri keldi.

Joriy yilgi armiya o‘yinlarida olti mamlakat qatnashmoqda. Bu uning tarixidagi rekord ko‘rsatkichdir. Xususan, Penza poligoniga Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Eron, Armaniston va O‘zbekiston jamoalari saf tortishdi. Musobaqalar 5 avgustga qadar davom etadi.

Jamoalar zenit qurilmalari va zalp bilan o‘t ochish reaktiv tizimlarini ta’mirlash bo‘yicha eng yaxshi qurolsoz, shuningdek, kompleks estafetasi yo‘nalishlarida ham o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazadi.

Ma’lumot uchun, bu safar O‘zbekiston Armiya o‘yinlarining 13 yo‘nalishida ishtirok etyapti.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?