Oʻzbekistonlik harbiy oshpazlar uchinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi

12:05 14 Avgust 2019 Jamiyat
66 0

Oʻzbek milliy taomlari dovrugʻi butun dunyoga ketgan. Beshinchi xalqaro armiya oʻyinlarining “Dala oshxonasi” musobaqasida ishtirok etgan harbiy oshpazlarimiz ham ushbu nomga munosib boʻlishdi. Bir-biridan murakkab boʻlgan koʻplab shartlar yakuniga koʻra, vakillarimiz faxrli uchinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Murakkab deganimiz shundaki, oshpazga taom tayyorlashi uchun barcha masalliq va sharoitni muhayyo etasiz, ammo unga oʻz yurtining havosi, quyoshi-yu, atmosferasini yaratib berolmaysiz. Aslida mazkur nufuzli musobaqaning har bir shartida ishtirok etayotgan jamoalarga yuqoridagi oʻxshatmamizni qoʻllashimiz mumkin. Lekin yurtdoshlarimiz oʻzlarining har qanday vaziyatga boʻlgan munosabatini ijobiy tomondan koʻrsata olyapti.

Vakillarimiz soʻnggi shartda non pishirish boʻyicha oʻz mahoratlarini namoyish etishdi. Ular tayyorlagan rizq-roʻzimiz ramzi boʻlmish nonlar hakamlar hayʼati tomonidan munosib baholandi.

Shunday qilib, “Dala oshxonasi” musobaqasida 3-oʻrinni qoʻlga kiritgan yurtdoshlarimizni musobaqa ishtirokchilari va mehmonlar uzoq muddat eslaridan chiqarmaydigan boʻldi. Chunki ular tomonidan tayyorlanib, dasturxonlarga tortiq etilgan taomlar taʼmi uncha-muncha odamning yodidan koʻtarilmaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?