Oʻzbekistonlik harbiy alpinistlar Elbursni, harbiy razvedkachilar esa Tar choʻlini zabt etdi

12:35 16 Avgust 2019 Jamiyat
82 0

“Elburs halqasi” xalqaro musobaqasida beshta davlatning harbiy xizmatchilari oʻta murakkab togʻ sharoitida va chidab boʻlmas bosim ostida harakatlandi. Kabardin-Bolqordagi Elburs choʻqqisiga amalga oshirilgan marsh esa haqiqiy harbiy alpinistlar nimaga qodir ekanligini koʻrsatib berdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Musobaqa ishtirokchilari quyi harorat va cheklangan harakat kabi murakkab togʻ sharoitida, oʻnlab maxsus vazifalarni bajardilar.

Bellashuv avvalida ishtirokchilar ikki kun Elbrusni quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha piyoda zabt etish bilan shugʻullandi: Terskol choʻqqisi (2462 m.) — Azau yalangligi (2356 m.) — Priyut-11 (4200 m.) — Elbrusning gʻarbiy choʻqqisi (5642 m.). 20 kilometrga yaqin marsh davomida balandlikning umumiy oʻzgarishi 2,2 kilometrga teng, relyefi — oʻrta murakkab.

Maxsus vazifalarni bajarish chogʻida harbiy xizmatchilar “Azau — Priyut-11” yoʻnalishi boʻyicha qurol-aslaha yordamida marsh yurishni amalga oshirdi.

Taʼkidlash kerakki, “Elbrus halqasi — 2019” xalqaro tanlovining final bosqichida Oʻzbekiston jamoasi birinchi boʻlib Elbrusni zabt etdi. Buning uchun jamoamizga 4 daqiqayu 25 soniya kerak boʻldi.

Musobaqada Rossiya, Hindiston, Marokash, Qozogʻiston va Oʻzbekiston jamoalari oʻzaro bellashdi.

Yakuniy natijalarga koʻra, Rossiya birinchi oʻringa (12 848 ball) munosib koʻrilgan boʻlsa, ikkinchi oʻrin Oʻzbekiston (12 041 ball) jamoasiga nasib etdi. Kuchli uchlikdan Qozogʻiston harbiy xizmatchilari joy oldi (11 672 ball).

Shuningdek, Oʻzbekiston qoʻshin razvedkachilari 5—15-avgust kunlari Hindistonning Radjastxan shtatidagi Jaysalmer poligonida oʻtkazilgan “Qoʻshin razvedkasi aʼlochilari” tanlovida ham ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Bellashuv davomida Armaniston, Belarus, Hindiston, Qozogʻiston, Xitoy, Rossiya, Sudan va Oʻzbekiston qoʻshin razvedkachilari oʻzaro kuch sinashdi.

Yakuniy natijalar:

1-oʻrin — Hindiston razvedkachilari guruhi;

2-oʻrin — Oʻzbekiston razvedkachilari guruhi;

3-oʻrin — Rossiya razvedkachilari guruhi.

Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yili oʻtkazilgan “Qoʻshin razvedkasi aʼlochilari” tanlovida Oʻzbekiston faxrli 3-oʻrinni qoʻlga kiritgan edi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?