O’zbekistonlik haydovchi tojikistonlik mehmonlarga qimmatbaho buyumini qaytarib berib, qahramonga aylandi

15:36 23 Mart 2018 Jamiyat
679 0

Ma’lumki, O’zbekiston va Tojikiston davlatlari o’zaro bordi-keldi bo’yicha tegishli hujjatlarni qabul qilgandan so’ng, ikki mamlakat fuqarolari uchun viza rasmiylashtirmasdan qo’shni mamlakat hududida 30 kungacha bo’lish imkoniyati yaratildi. Buni har ikki millat vakillari katta quvonch bilan kutib oldi. Bunday qulaylikdan foydalangan tojikistonlik qardoshlarimiz Navro’z nafasi kezib yurgan shu kunlarda nafaqat Surxondaryo, Samarqand, Buxoroga, balki poytaxtimizga ham tashrif buyurib, sayohat qilishayapti. Diqqatga sazovor joylarni tomosha qilib, madaniy xordiq chiqarishmoqda.

Ana shunday mehmonlardan biri Tojik milliy universiteti talabasi Said Nosirxon Ma’rufzoda Toshkent shahrida o’zi duch kelgan bir ibratli hodisa va undan olgan katta taassuroti haqida “Facebook”dagi guruhida shunday samimiy dil so’zlarini bildirib o’tdi:

“Assalomu alaykum! Do’stlar Toshkentda biz bilan ro’y bergan bir voqeani sizlarga ham aytib bermoqchiman.

Biz “Megaplanet” savdo markaziga etib olish uchun mashina to’xtatdik va o’zimiz bilmagan holda unda yangi qimmatbaho smartfonimizni unutib qoldiribmiz (gap shundaki, hali O’zbekiston sim-kartasini sotib olishga ulgurmagan edik, bizning Tojikiston sim-kartasi esa bu erda ishlamas ekan) va o’yladik: “Ha, mayli, nima bo’lsa, bo’ldi, shahar katta o’sha mashinani baribir topa olmaymiz”. Tasavvur qilayapsizmi, oradan o’n daqiqa o’tar-o’tmas o’sha mashina haydovchisi savdo markaziga kelib bizni topdi hamda bizning SMARTFONni qaytarib berdi. 

Undan “Qanday qilib topdingiz, axir u orqa o’rindiqda tushib qolgan edi-ku?” deb so’radik. Shunda u bizdan keyin chiqqan mahalliy o’zbek mijoz telefonni ko’rib qolib, unga topshirganini aytdi. Axir topgan ham va uni olgan ham smartfonni o’zida qoldirib bildirmasdan ketishi mumkin edi-ku (Ularning har ikkisi ham Qahramonlar, ha qahramonlar! Chunki bizning zamonimizda bunday insonlar juda kam) va o’z vaqti hamda benzinini ayamay bizni topdiyu qaytarib berdi. Biz uni pul bilan mukofotlamoqchi bo’ldik, bilasizlarmi, u nima deb javob qaytardi: “Biz qardosh xalqlarmiz, sizlar esa bizning mehmonimizsiz va mening o’rnimda boshqa bo’lganida ham xuddi shunday qilgan bo’lardi”(shunday kamtar javob berdi) hamda mukofotni qat’iy rad etdi.

Yakunda shuni aytishni istardimki, bizni O’zbekiston qardosh xalqi juda iliq va xursandchilik bilan kutib olayapti. Buning uchun katta rahmat!

Rasmda o’rtamizda bizning qahramon)))
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?