Oʻzbekistonlik fermerlar fotoelektr (quyosh) stansiyalarini oʻrnatishni boshladi. Bu qanchalik foyda keltiradi?

14:57 09 Sentyabr 2019 Jamiyat
164 0

Oʻzbekistondagi fermer xoʻjaliklari elektr energiyasini tejash maqsadida zamonaviy qurilmalarni oʻrnatishni boshladilar. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Xususan, 2019-yil 6-sentyabr kuni Jizzax viloyati Forish tumanidagi “LAZZAT KAFOLAT” uzumchilik-fermer xoʻjaligiga qarashli uzumchilik plantatsiyasida chuqurlik nasosini elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida “OftobNur” kompaniyasi mutaxassislari tomonidan fotoelektr (quyosh) stansiyasini oʻrnatish va ishga tushirish boʻyicha ishlarni yakunladilar. Nasos qishloq xoʻjalik ekinlarini doimiy sugʻorilishini taʼminlash uchun quduqdan suv chiqarishga moʻljallangan.

Qayd etish kerak, yuqori samaradorlikka ega boʻlgan fotoelektr (quyosh) panellari Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan. Ularning kafolatlangan xizmat koʻrsatish muddati 25 yilni tashkil etadi.

Zamonaviy qurilma soatiga 10 kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bir yorugʻ kunda u 80 kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Oylik elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati esa 2400 kilovattga teng. Sugʻorish mavsumida (mart-oktyabr oylari) bu raqam 19200 kilovatt elektr energiyadan oshib ketadi.

Taqqoslash uchun, fermer oʻzini elektr energiyasi bilan taʼminlash uchun 1 km. qiymati 35 mln. soʻmga yaqin boʻlgan elektr uzatish liniyasi qurishga majbur boʻladi. Bunga qoʻshimcha tarzda, amaldagi tarifga koʻra har yili foydalanilgan elektr energiyasi uchun 9 mln. soʻm toʻlashiga toʻgʻri keladi.

Koʻrsatib oʻtilgan quyosh qurilmasini oʻrnatish uchun fermer 78 mln. soʻmga yaqin mablagʻ sarflaydi. Mazkur qurilma 8 gektar yerni odatiy usul bilan, 30 gektar yerni esa tomchilash usulida sugʻorish imkonini beradi. Bunda fermer har bir gektar yerdan, misol uchun, poliz (qovun, tarvuz) ekinlaridan bir yilda 30 mln. soʻm foyda olishi, 8 gektardan esa mos ravishda 240 mln. soʻm daromad olishi mumkin. Yaʼni, oʻrnatilgan qurilma xarajatlari birinchi yilning oʻzida qoplanadi.

“Misol tariqasida oddiy matematik hisob-kitoblarni keltiramiz. 9 mln. soʻm elektr energiyasi + 240 mln. soʻm qishloq xoʻjaligi faoliyatidan foyda = 249 mln. soʻm. Quyosh stansiyasining narxi - 78 mln. soʻm. 171 mln. soʻm - bir yilda 8 gektar maydondan olinadigan sof foyda, - deydi “OftobNur” kompaniyasi mutaxassisi. – Agar fermer tomchilab sugʻorish tizimini oʻrnatsa, u holda daromad 980 mln. soʻmni tashkil etadi! Misol uchun, bizning fermer 7 km. masofaga elektr uzatish liniyasi tortmoqchi boʻlsa, bu unga 245 mln. soʻmga tushadi va har yili foydalanilgan elektr energiyasi uchun toʻlanadigan + 9 mln. soʻm sarflanadi. Shu tarzda, u bizga nasosining ishlashini taʼminlash uchun quyosh stansiyasiga buyurtma berib 176 mln. soʻm tejashga muvaffaq boʻldi”.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Prezidentining “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligiga erishish, energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan, yuridik va jismoniy shaxslarga bank kreditlari evaziga qayta tiklanuvchi energiya qurilmalarini, elektr tejovchi gaz qurilmalari va qozonlarini sotib olganlik uchun foiz toʻlovlari kompensatsiya hisobidan qoplanishi belgilab berilgan.

Qaror bilan iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani energiya samaradorligiga erishishni taʼminlash, Oʻzbekiston Respublikasida 2019-2022-yillarda energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning Kompleks dasturi ishlab chiqilgan.

Kompleks dasturga koʻra, 2030-yilga borib qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushi umumiy ishlab chiqariladigan elektr energiyasining 25 foiziga teng boʻlishi lozim.

Hujjatda zamonaviy quyosh foto elektr stansiyalarini va quyosh suv isitgichlarini (markaziy isitish tizimiga ulangan obyektlar istisno qilingan holda), shuningdek energiya tejamkorligi yuqori boʻlgan isitish tizimlarini, xususan zamonaviy issiqlik nasoslari va rekuperatorli qurilmalarni bosqichma-bosqich joriy etish koʻzda tutilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?