Oʻzbekistonlik chavandoz Jahon kubogi finalining shohsupasida

20:44 09 Sentyabr 2018 Sport
308 0
Foto: Hasan Paydoyev, “Xalq soʻzi”.

Ot sportining toʻsiqlardan sakrash (konkur) turi boʻyicha Jahon kubogi (“FEI World Jumping Challenge”)ning final bosqichi yakunlandi.

Toʻrt kun davom etgan musobaqalar oʻta murosasiz kechdi. Sababi, unda dunyoning turli burchaklaridan kelgan oʻn toʻqqiz nafar eng kuchli chavandoz yuqori ochko toʻplagan oʻn nafari hal qiluvchi bahslarda maydonga chiqdilar.

Foto: Hasan Paydoyev, “Xalq soʻzi”.

Xorijlik ekspertlarning eʼtirof eshitishicha, Jahon kubogining Toshkent musobaqalari kutilganidek, juda qizgʻin va hayajonlarga boy oʻtdi. Buni gʻolib nomini aniqlash uchun ikki konkurning oʻzi yetarli boʻlmagani, oqibatda qoʻshimcha sakrashlar oʻtkazilgani misolida ham yaqqol koʻrish mumkin.

Foto: Hasan Paydoyev, “Xalq soʻzi”.

Uning natijalariga koʻra, birinchi oʻrinni isroillik chavandoz Sternbax Nadav “Aragon” laqabli tulporida qoʻlga kiritdi. “Ramiro” laqabli otda toʻsiqlardan mohirona sakragan argentinalik Richard Kiyerkigard ikkinchi oʻringa sazovor boʻldi. Tomoshabinlar mehrini qozongan oʻzbekistonlik yosh chavandoz Saidamirxon Turgʻunboyev esa “Ambassador” laqabli otda hech bir jarima ochkolarsiz toʻsiqlar oshib, shohsupaning uchinchi oʻrniga koʻtarildi.
Gʻolib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan tantanali ravishda taqdirlandilar.
Said RAHMONOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?