Oʻzbekistonlik arxitektor qiz xalqaro tanlovda 2-oʻrinni egalladi

16:02 08 Oktyabr 2019 Jamiyat
378 0

2019-yilning 3-5-oktyabr kunlari Pyonchang shahrida “World Culture Open” xalqaro tashkiloti va Pyonchang (Koreya Respublikasi) hukumati tomonidan “Better Together Challenge 2019” festivali oʻtkazildi.

“Better Together” — butun dunyodagi ijtimoiy innovatorlarni, ijodkorlarni, faollarni va idealistlarni ilhomlantiruvchi, fikr almashish uchun birlashtiruvchi global festivaldir. Festivalga 60 mamlakatdan 500 qatnashchi tashrif buyurdi.

Bu yilgi festival Janubiy Koreyadagi 2018-yilgi Olimpiya shaharchasini “Tinchlik va barqarorlik shahri”ga aylantirish boʻyicha gʻoyalar tanloviga bagʻishlandi.

“Tinchlik va barqarorlik shahri” gʻoyasiga 2018-yilgi Qishki olimpiya oʻyinlari ochilish marosimidagi voqea sabab boʻlgan, oʻshanda ikki Koreya (Shimoliy va Janubiy)ning 200 dan ortiq delegatlari Koreya yarimorolining birlashish bayrogʻi ostida toʻplangan edi.

Festivalda ishtirok etish uchun nafaqat arxitektor va dizaynerlar, balki ijtimoiy innovatorlar, tinchlikparvarlar va boshqalar taklif etildi.

Oʻzbekistonlik iqtidorli arxitektorlardan biri Taxmina Turdialiyeva Koreya yarimoroliga bagʻishlangan “Garden of Unification” birlashish bogʻini yaratishni koʻzda tutuvchi “Tinchlik va barqarorlik shahri”ning gʻoyaviy dizaynini taqdim etgan holda festivalda 2-oʻrinni egalladi. Ushbu birlashuv bogʻi ekologik tadqiqotlar laboratoriyasini, ichki xotirjamlik va meditatsiya mashqlari uchun moslashgan maydonchalarni oʻz ichiga oladi.

Maʼlumot uchun: Taxmina Turdialiyeva 2018-yilgi “Turkistan Architects award” xalqaro tanlovi gʻolibi boʻlgan, Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoning yangi avlod istiqbolli va isteʼdodli arxitektorlaridan biri deb tan olingandi. 2012-yilda “Prezident stipendiati” boʻlgan. Koʻplab respublika va xalqaro tanlovlar gʻolibi. Shu bilan birga, shaxmat boʻyicha FIDE Xalqaro toifadagi hakami, “World Peace Initiative” xalqaro tashkiloti hamda “Buyuk kelajak” ekspertlar kengashi aʼzosi hisoblanadi.

Hozirgi kunda Xitoydagi “Cube Design Architects” xalqaro arxitektura kompaniyasida arxitektor sifatida faoliyat yuritmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?