Oʻzbekistonlik agronom-mutaxassislar Janubiy Koreyada malaka oshiradi

11:17 20 Fevral 2019 Iqtisodiyot
287 0

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy boʻlimi va Janubiy Koreyaning “JongWoo Green So., LTD” kompaniyasi taʼsischiligida MCHJ shaklidagi “Jongwoo Green — Navoiy Science” qoʻshma korxonasi faoliyat boshladi.

Ushbu muassasa Navoiy, Buxoro va Samarqand viloyatlarida gidroponika usulida tashkil etilgan issiqxonalarda ishlayotgan mutaxassislarni oʻqitish, ularning malakasini oshirib borishni maqsad qilgan. Shuningdek, korxona uch gektarlik yangi “oynavand dala”ni qurishdan boshlab tayyor holga keltirishgacha boʻlgan jarayonni oʻz ichiga olgan tajriba-amaliyotni birgalikda olib boradi. Ushbu zamonaviy oʻquv-tajriba markazi Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Navoiy boʻlimi negizida ochildi.

“JongWoo Green So., LTD” kompaniyasi Seul universitetining agrofakulteti olimlari ishtirokida ­Navoiy shahrida hamda issiqxonalar koʻp boʻlgan tumanlarda sayyor oʻquv jarayonlarini tashkil etadi. Binobarin, har yili 10 nafar oʻzbekistonlik iqtidorli agronom-mutaxassis aniqlanib, qoʻshma korxona hisobidan Janubiy Koreyada bepul 3 — 6 oylik dasturlar asosida malaka oshiradi. Bundan ­tashqari, sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtgan tinglovchilar Seul universitetining ikki yillik kurslarida oʻqitilishi koʻzda tutilmoqda.

“Jongwoo Green — Navoiy Science” qoʻshma korxonasining Nizom jamgʻarmasi 800 ming AQSH dollariga teng. Fanlar akademiyasi ­Navoiy boʻlimi 25 foiz ulushga ega. U ilmiy-texnikaviy va intellektual salohiyati hamda qoʻshma korxona toʻlaqonli faoliyat koʻr­satishi uchun zarur boʻlgan oʻquv xonalarini ajratish bilan ishtirok etadi.

Fazliddin ABILOV (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?