Oʻzbekistonlik 22 nafar yosh iqtidor “Real” futbol akademiyasida mashgʻulotlarga kirishdi 

16:36 01 Oktyabr 2018 Sport
1086 0
Фото: ЎФА

Oʻzbekistonlik 22 nafar yosh iqtidor “Real” futbol akademiyasida mashgʻulotlarga kirishdi.

OʻFA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonovning yil boshida Ispaniyaga qilgan tashrifidan keyin “Real” futbol akademiyasi bilan hamkorlik aloqasi yoʻlga qoʻyilgandi. Buning mantiqiy davomi sifatida shu yilning iyun oyida akademiyaning uch mutaxassisi Toshkentga kelib, ikki hafta davomida oʻzbekistonlik 300 nafar futbolchi boʻlish orzusidagi bolalar bilan mashgʻulot oʻtkazdi. 

Bunda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi har bir viloyatga teng kvota ajratgan boʻlib, 300 nafar iqtidor egalari bir qator sport shartlar asosida saralab olingan. “Real” akademiyasi bilan tanishish istagida boʻlgan bolakaylar orasida sogʻlom raqobat boʻlishi hamda tanish-bilishchilikning oldi olinishi muhim faktor hisoblanardi. 

Toshkentda boʻlgan uch mutaxassis 300 nafar tarbiyalanuvchi orasidan 22 nafarini oʻzi tanlab oldi va bu ishga OʻFA mutaxassislari aralashtirilmadi. Sentyabr oyi soʻngida esa OʻFA oʻz hisobidan mazkur iqtidor egalarini Madridga joʻnatdi. 

2004—2008 yillar oraligʻida tavallud topgan futbolchilarimiz avvaliga Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan ekipirovkalar qabul qilib olgandi. Madrid shahrida ular “Real” akademiyasiga tegishli formalar bilan siylandi. Endilikda mazkur futbolchilar “Real” futbol klubi tarixi, yutuqlari bilan yaqindan tanishish, uning jahonga mashhur akademiyasi faoliyatini oʻrganishi, ispaniyalik boshqa mutaxassislar qoʻl ostida mashgʻulot oʻtkazishi mumkin boʻladi. 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?