Oʻzbekistonlik 20 nafar bola Madridning “Real” klubi akademiyasida tajriba oshiradi

18:27 12 Sentyabr 2018 Sport
373 0

Oʻzbekistonlik 20 nafar bola Real Madrid Foundation Clinic dasturi boʻyicha master klasslarda ishtirok etib, tajribalarini oshirish maqsadida Ispaniyaning Madrid shahriga yuborilmoqda. Bu haqda OʻFA matbuot xizmati xabar tarqatdi.

Mazkur loyiha Real Madrid futbol klubi akademiyasi va OʻFA oʻrtasida tuzilgan kelishuvga asosan tashkil etilmoqda.

Yosh futbolchilar safar davomida Madridning “Real” jamoasi akademiyasi bilan tanishishadi, jamoa tarixi haqida maʼlumot olish uchun “Real” klubi muzeyiga sayohat qilishadi, ispaniyalik mutaxassislar tomonidan tashkil etiladigan master klasslarda ishtirok etishadi va yana jamoada toʻp surayotgan mashhur futbolchilar bilan uchrashuv tashkil etish ham rejalashtirilgan.

Maʼlumot uchun mazkur kelishuvning birinchi qismiga muvofiq joriy yilning iyun oyida Madrid jamoasi mutaxassislari Karlos Albert, Manuel Aguado Xil va Ektor Visentelar Real Madrid Foundation Clinic dasturi boʻyicha Oʻzbekistonga tashrif buyurishgan edi.

1 iyundan 16 iyunga qadar ushbu mutaxassislar oʻzbek futboli tizimida faoliyat olib boruvchi bolalar murabbiylari uchun nazariy va amaliy seminarlar tashkil etishgan hamda 2004 va 2008 yillar oraligʻida tavallud topgan oʻzbekistonlik 300 nafar tarbiyalanuvchi ishtirokida master klass tadbiri oʻtkazishgan edi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?