Oʻzbekistonga vizasiz rejimga ega boʻlgan mamlakatdan kelayotgan sayyohlar soni oshmoqda

15:44 04 Oktyabr 2019 Welcome to uzbekistan
230 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 12-sentyabr kuni imzolangan “Xitoy Xalq Respublikasi, shu jumladan Xitoy Xalq Respublikasining Gonkong maxsus maʼmuriy hududi fuqarolari uchun Oʻzbekiston Respublikasiga kirishda vizasiz rejimni belgilash toʻgʻrisida”gi farmoni ikki mamlakat oʻrtasida turizm sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun yangi ufqlarni ochdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Abdulaziz Akkulov “Dunyo” axborot agentligi muxbiriga intervyuda shu haqda soʻzlab berdi.

- Iqtisodiy barqaror davlatlar fuqarolari uchun viza tartibini yanada erkinlashtirish turizm sohasini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi, - deydi A.Akkulov. - Shu bois xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda mamlakatimizda viza tartibini bosqichma-bosqich soddalashtirish amalga oshirilmoqda. Xususan, 2018-yil 9 mamlakat fuqarolari uchun viza rejimi bekor qilingan boʻlsa, 2019-yil 47 mamlakat fuqarolari uchun vizasiz rejim oʻrnatildi.

Statistik maʼlumotlarga nazar soladigan boʻlsak, mazkur islohotlarning samarasini koʻrish mumkin. Xususan, fuqarolari vizasiz kirish rejimiga ega boʻlgan mamlakatlardan Oʻzbekistonga joriy yilning birinchi yarmida kelgan xorijiy sayyohlar soni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 58 foizga oshdi. Yurtimizga kelgan chet ellik sayyohlar soni esa 27 foizga koʻpaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 12-sentyabr kuni ushbu yoʻnalishdagi islohotlarning davomi sifatida “Xitoy Xalq Respublikasi, shu jumladan Xitoy Xalq Respublikasining Gonkong maxsus maʼmuriy hududi fuqarolari uchun Oʻzbekiston Respublikasiga kirishda vizasiz rejimni belgilash toʻgʻrisida”gi farmonga imzo chekdi. Bu esa Xitoy fuqarolari uchun mamlakatimiz aeroportlari orqali 7 kunlik muddatga vizasiz rejim joriy etishni nazarda tutadigan muhim hujjat boʻldi.

Maʼlumki, Xitoy dunyodagi jadal rivojlanayotgan davlatlardan biri boʻlib, yalpi ichki mahsulot jon boshiga 18,1 ming dollarni tashkil etmoqda. Bu esa mamlakatda tashqi turizm rivojiga ham ijobiy taʼsir oʻtkazmoqda. Xususan, 2018-yil xorijga sayohat qilgan xitoyliklar qariyb 150 million kishini tashkil etdi va bu dunyodagi eng katta koʻrsatkich boʻldi.

Bundan avval Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari bilan XXR fuqarolari uchun mamlakatga kirish va elektron kirish vizalaridan foydalanishning soddalashtirilgan tartibi joriy etilgan edi. Ushbu chora-tadbirlar natijasida Oʻzbekistonga 2018-yil kelgan xitoylik sayyohlar 2017-yilga nisbatan 34 foiz koʻpchilikni tashkil qildi. Joriy yil yanvar-avgust oylarida esa bu koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan 74 foizga oshdi.

XXR fuqarolari uchun vizasiz rejimning joriy etilishi chet ellik sayyohlar soni va, oʻz navbatida, turistik xizmatlarni eksport qilishdan keladigan daromad hajmining koʻpayishiga xizmat qiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?