Oʻzbekistonga Latviyadan olib kirilayotgan qariyb 6 mln. soʻmlik koʻchatlar zararli ekanligi aniqlandi

14:52 18 Oktyabr 2019 Jamiyat
369 0

Latviya davlatidan respublikamizga “Ark buloq” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti orqali olib kirilayotgan 28 dona 5 845 604,8 soʻm qiymatidagi manzarali koʻchatlardan olingan namunalar “Oʻzdavkarantin” inspeksiyasining markaziy laboratoriyasida tekshirilganida ushbu oʻsimlik mahsulotlari zararkunanda hasharotlar bilan zararlanganligi aniqlandi. Soʻngra koʻchatlarga nisbatan kimyoviy zararsizlantirish ishlari amalga oshirildi.

Biroq zararsizlantirish tadbirlari ham taʼsir etmaganidan soʻng, oʻsimliklar karantini inspektori A.Abdulazizov, bojxona kapitani Sh.Hamroqulov va ekologik nazorat inspektori O.Turobov tomonidan ushbu koʻchatlar oʻrnatilgan tartibda yoqish yoʻli bilan yoʻq qilindi. Bu haqda inspeksiya axborot xizmati xabar berdi.

Unda xorijdan import qilinayotgan karantin ostidagi mahsulotlardagi zararli organizmlar respublikamiz hududida tarqalib ketishining oldini olish maqsadida qator ishlar amalga oshirilayotgani eslatib oʻtilgan.

Jumladan, joriy yilning yanvar-avgust oylari davomida 323 tonna, 10,25 mln. dona va 1317 m.kub miqdorida respublikamizga olib kirilayotgan oʻsimlik mahsulotlarida zararli organizmlar aniqlanganligi sababli chegara maskanlaridan qaytarib yuborilgan. Qaytarib yuborishning imkoni boʻlmagan 3,1 mln. dona zararlangan koʻchatlar esa yoqish yoʻli bilan tegishli tartibda yoʻq qilingan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?