O’zbekistonga xush kelibsiz!

13:10 02 Mart 2018 Welcome to uzbekistan
1084 0


Ma’lumotlarga ko’ra, dunyo bo’yicha har yili 1 milliard 300 million nafardan ortiq kishilar sayohatga chiqar ekan. Turistlarning asosiy qismi Frantsiya, AQSh, Ispaniya, Turkiya, Yaponiya, Xitoy kabi davlatlarga bormoqda. Sayyohlar oqimining ko’payishi o’z-o’zidan mamlakat byudjetiga katta foyda keltiradi. Masalan, Yaponiya hukumati turizm yo’nalishidan bir yilda 343 milliard, Turkiya esa 88 milliard AQSh dollari miqdorida daromad topadi. O’zbekiston-chi?
O’tgan yili yurtimizga qariyb 2 million 700 ming sayyoh tashrif buyurgan. Bu ko’rsatkich mamlakatimizning turistik salohiyati yuqori bo’lishiga qaramay, hali turizm imkoniyatlaridan to’liq foydalanilmayotganini, sohada echimini kutayotgan muammo va kamchiliklar mavjudligini ko’rsatadi.
•    Sayyohlar qanday qulayliklar bo’lishini xohlaydi?
•    Aeroportlar oldida taksi xizmati ko’rsatish qachon tartibga solinadi?
•    Yirik shaharlarda kamida 100 tadan mehmonxona qurilishi ko’zda tutilgan.
Xalqaro press-klubning “O’zbekistonga xush kelibsiz: turizm — mamlakatning yangi brendi” mavzuidagi navbatdagi sessiyasida sohada erishilayotgan yutuqlar, mavjud muammolar, ularni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi. Unda O’zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasi, “O’zbekiston havo yo’llari” Milliy aviakompaniyasi, diplomatik korpus vakillari, etakchi turoperator hamda tegishli vazirlik va idoralar xodimlari, ekspertlar, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
O’zbekiston o’zining tarixiy shaharlari, obida va ziyoratgohlari, qolaversa, tabiiy iqlimi, mazali meva-sabzavotlariyu taomlari bilan alohida ajralib turadi. Albatta, turistlarni jalb qilishda bularning o’zi etarli emas. Chet ellik mehmonlarni aeroport yoki temir yo’l bekatlarida kutib olishdan tortib, to kuzatib qo’yishgacha bo’lgan davrda ularga zarur qulayliklar yaratish, avvalo, ravon yo’llarni barpo etish, shinam mehmonxona va zamonaviy transport xizmatlarini yo’lga qo’yishni talab qiladi.


Sayyohlar uchun zarur hisoblangan mana shu talablar tegishli mutasaddi idora hamda tashkilotlar tomonidan qay darajada ta’minlanayapti? Umuman, bu borada qanday amaliy ishlar olib borilmoqda? Muammolar nimada?

To’g’ri, keyingi paytda yurtimizga sayohatga kelish istagini bildirayotgan turistlar soni oshib borayotir. Tabiiyki, bunda Prezidentimizning sohani tubdan yaxshilash, ilg’or loyiha va usullarni hayotga tatbiq etish maqsadida qabul qilayotgan Farmon va qarorlari muhim rol o’ynamoqda. Xususan, joriy yilning fevral oyida sohaga oid to’rtta muhim hujjat imzolandi.
"Turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasi va uning mintaqaviy tuzilmalari shtat birliklari oshirildi, hududlarda turizm departamentlari hamda boshqarmalari, hokim o’rinbosarlari lavozimlari tashkil etilgani mazkur tashkilotlarning imkoniyatlarini yanada kengaytirdi. Sayyohlar oqimini ko’paytirish bo’yicha 39 mamlakat fuqarolariga viza berish tartibi soddalashtirildi. Qolaversa, joriy yilning 10 fevralidan boshlab Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, Malayziya, Indoneziya, Turkiya va Isroildan kelayotgan turistlarga mamlakatimizda 30 kungacha vizasiz bo’lishga ruxsat berildi. Shu yilning iyulidan e’tiboran elektron vizalarni joriy qilish rejalashtirilgan", — deydi Turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasi raisi Aziz Abduhakimov. 
Sessiyada qayd etilganidek, yurtimizga sayyohlar kelmoqda, ammo ularga etarlicha xizmat ko’rsatilmayotir. Mehmonxonalarda ular uchun joy topilmayapti. Ularni olib yuradigan avtobuslar, avtotransport vositalari etarli emas. Turistlar ishini engillashtiradigan maxsus mobil ilovalar tatbiq qilinmagan.
Mazkur muammolarni bartaraf etish maqsadida turistik salohiyatiga ega bo’lgan yirik shaharlarda kamida 100 tadan mehmonxona qurilishi ko’zda tutilgan. Buning uchun tadbirkorlarga er ajratish, imtiyozli kreditlar berish ishlari boshlab yuborilgan. 
Turistlarni avtotransportda tashish tizimini takomillashtirish ham muhim masala. Shu bois Toshkent shahridagi aeroportlar oldidagi tartibsizliklarning oldini olish, taksi xizmatlarini yaxshilash maqsadida namunali avtoturargohlar tashkil etish, ularga litsenziyaga ega bo’lgan taksistlar jalb qilish sa’y-harakatlari boshlandi.
Yana bir misol. Toshkentdan Urganchgacha bo’lgan masofa 1000 kilometrdan ortiq. Ushbu yo’lni bosib o’tguncha har qanday sayyoh toliqishi tayin. Sessiyada ma’lum qilinishicha, bu muammo ham yaqin kunlarda o’z echimini topadi. Ya’ni turistlarga qulaylik yaratish bo’yicha yo’l bo’ylarida maxsus to’xtash joylari yaratilib, ular atrofida zamonaviy savdo hamda ovqatlanish shoxobchalari, sanitariya talablariga javob beradigan hojatxonalar ham quriladi.
Anjumanda bir shahardan ikkinchi shaharga borishda yo’l chetida turistik ob’ektlarga olib boruvchi maxsus yo’l belgilari mavjud emasligi ham tanqid qilindi.


"O’tgan yili Xorazm viloyatida turistik ob’ektlarga olib boruvchi belgilarni o’rnatgan edik.  Albatta, bu bilan to’xtab qolmoqchi emasmiz. Joriy yilda ham ushbu ishlarni davom ettirib, respublikamiz bo’yicha yana 64 mingdan ortiq ana shunday maxsus yo’l belgilarini tashkil qilmoqchimiz", — deydi Avtomobil yo’llari davlat qo’mitasi boshqarma boshlig’i o’rinbosari Fozil Rajabov.

Sessiyada, shuningdek, sayyohlar uchun turistik marshrutlarni tashkil etish, aviachiptalar narxini optimallashtirish, yangi reyslar ochish, tranzit yo’lovchilarni tashish imkoniyatini oshirish va aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish, yo’llarni ta’mirlash, yangi texnologiyalarni, xususan, mobil ilovalar, maxsus sim kartalarni tatbiq etish, ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish, “halol turizm”ni yaratish borasidagi rejalar, kelgusida amalga oshiriladigan ishlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. 
Rahim SHERQULOV,
«Xalq so’zi» muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?