Oʻzbekistonga kelgan sayyohlar oʻrtasida tadqiqot oʻtkazildi. Natija qanday?

16:16 13 Fevral 2019 Jamiyat
353 0

Arxiv foto

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan 72 ta davlatdan kelgan 5,7 ming nafar sayyoh orasida tadqiqot oʻtkazildi. Bu haqda qoʻmita matbuot xizmati xabar berdi.

Bundan koʻzlangan maqsad mehmonlarga afzal boʻlgan asosiy jihatlar hamda ularning orzu-tilaklarini aniqlash boʻldi.

Maʼlum boʻlishicha, turistlarning koʻpchiligi doʻstlari va oila aʼzolari, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali berilgan maslahatlar asosida Oʻzbekistonga kelishga qaror qilishgan. Qolaversa, gazeta va jurnallar, televizion hujjatli filmlar va yangiliklar dasturlari ham bu borada muhim oʻrin tutishi maʼlum boʻlgan.

Dunyoning 72 mamlakatidan kelgan olti mingga yaqin sayyoh oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrov ana shunday xulosaga kelishga asos yaratdi.

Tadqiqotga koʻra, diyorimizga Markaziy Osiyodan keladigan turistlarning asosiy qismi Qozogʻiston, MDHdan esa Rossiya fuqarolaridir. Oʻzbekistonga Osiyo-Tinch okeani mintaqasidan xitoyliklar, Yevropadan fransiyaliklar, Yaqin Sharqdan turkiyaliklar, Shimoliy Amerikadan AQSHliklar eng koʻp tashrif buyurgan.

35 yoshdan 45 yoshgacha boʻlgan yosh guruhi ichida eng koʻp respondentlar Markaziy Osiyo(29,4 foiz), MDH(33,8 foiz) va Osiyo-Tinch okeani mintaqalari(30) hissasiga toʻgʻri kelgan. Yevropalik turistlarning asosiy qismi esa 55 va undan yuqori yoshdagi insonlardir.

Soʻrovda qatnashganlarning qariyb 40 foizi Oʻzbekistonga oʻz tanishlari va qarindoshlarini koʻrish uchun kelishganini aytgan. Respondentlarning 33,6 foizi esa yurtimizga taʼtil, madaniy xordiq chiqarish va dam olish uchun kelganini bildirgan.

Tahlilga koʻra, uzoq xorijdan keladigan sayyohlarning asosiy maqsadi xordiq chiqarish va dam olishdir. Masalan, Gonkongning soʻrovda ishtirok etgan barcha fuqarolari Oʻzbekistonga dam olish uchun tashrif buyurganini qayd etgan. Avstraliya fuqarolarining 89 foizi, niderlandlarning 87,1 foizi, italyanlarning 86,3 foizi, fransuzlarning 85,1 foizi ham xuddi shunday maqsad bilan mamlakatimizda mehmon boʻlgan.

Turistlarning asosiy qismi(79 foiz)ning Oʻzbekistonda boʻlish davri 1-9 kunni tashkil etgan. Shimoliy Amerikadan 85 foiz, Osiyo-Tinch okeanidan 81 foiz, Yevropadan 78 foiz va Yaqin Sharqdan 72 foiz sayyoh jamoa bilan kelgan boʻlsa, Markaziy Osiyo va MDHdan turistlarning yarmi yolgʻiz sayohat qilishni maʼqul koʻrgan.

Respondentlarning 12,8 foizigina sayyohlik yoʻllanmasi bilan Oʻzbekistonga tashrif buyurganini taʼkidlagan. Turistlar tomonidan olingan bunday yoʻllanmalarning 16,8 foizigina oʻzbek turoperatorlari va turfirmalari tomonidan sotilgan.

Oʻzbekiston shaharlari boʻylab yurishda mehmonlar taksi(52,9), poyezd(12,5), avtobus(10,4) va mini-avtobus(10,1) kabi transport vositalarini afzal deb bilgan.

Toshkent shahri turistlar eng koʻp tashrif buyuradigan joyga aylangan. Lekin safarda boʻlish muddati uzoqligi boʻyicha Termiz birinchi oʻrinni olgan. Bu yerda sayyohlar oʻrtacha 6,2 kun qolishgan. Nukusda 5,7, Toshkentda 5, Xivada 3,7, Samarqandda 2,6 va Buxoroda 2,4 kecha-kunduz boʻlishgan.

Mehmonlar Oʻzbekistonda doʻkonlardan mahsulot xarid qilish(shoping), muzey va galereyalarga borish, sayr qilish, tarixiy joylarga ekskursiya va piyoda borishga katta qiziqish bildirgan. Markaziy osiyolik sayyohlar Oʻzbekistonda doʻkonlarni aylanish(39,7)ni eng koʻp maʼqul koʻrgan boʻlsa, yevropaliklar(77,5) va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi(72,2)dan kelganlar muzey va galereyalarga borishda faollik koʻrsatishgan


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?