O‘zbekistonga kamida 200 ming dollar investitsiya kiritgan chet elliklarga yashash guvohnomasi berilishi mumkin

11:35 17 Iyul 2018 Iqtisodiyot
318 0
Illyustrativ foto

Mamlakatda investitsion muhitni yanada yaxshilash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilishni rag‘batlantirish, mazkur yo‘nalishda davlat siyosatining izchilligiga investorlarning ishonchini mustahkamlash maqsadida topshiriqqa asosan Adliya vazirligi Bosh prokuratura bilan birgalikda investitsion muhitni tubdan yaxshilashga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni loyihasini tayyorladi. Farmon loyihasi Normativ huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida e’lon qilingan.

Loyihada investor va tadbirkorlik subyektlarini davlat organining noqonuniy ma’muriy aktlaridan himoyalash mexanizmlari o‘rnatilmoqda.

Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yishda qonuniylik va aniqlikni ta’minlash maqsadida, loyihada yer uchastkalarini olib qo‘yishning aniq holatlari belgilanmoqda.

Turar joy va ishlab chiqarish obyektlarini buzish faqat ko‘chmas mulkning bozor qiymati va mulkdorga yetkaziladigan zararning o‘rni qoplangandan keyin amalga oshirilishi qayd etilmoqda.

Shu bilan birga, investitsiyaviy faoliyatni amalga oshirish uchun yer uchastkalarini berishning yangi mexanizmlari ishlab chiqilgan, xususan, yer uchastkalarini 50 yilgacha uzoq muddatli ijaraga berish tartibi joriy etilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasiga kamida 200 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga soddalashtirilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasida istiqomat qilish uchun yashash guvohnomasini va ko‘p martalik vizalarni olishning yangi mexanizmlari taklif etilmoqda. Mamlakat iqtisodiyotining ustuvor yo‘nalishlariga katta miqdorda investitsiya kiritgan chet el fuqarolariga “Faxriy fuqaro” unvonini berish masalasi ko‘rib chiqiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?