O‘zbekistonga ilk marta Oziq-ovqat va oziqlanish xavfsizligi xalqaro konferensiyasi o‘tkazildi

18:54 01 Iyun 2018 Iqtisodiyot
594 0

Poytaxtimizda “Markaziy Osiyoda qishloq xo‘jaligi sohasidagi o‘zgarishlar, oziq-ovqat mahsulotlari va oziqlanish xavfsizligi” mavzuida xalqaro konferensiya tashkil etildi.

Tadbirda qatnashgan muxbirimiz R. Sherqulovning ma’lum qilishicha, Toshkent shahridagi xalqaro Vestminster universiteti hamda Xalqaro oziq-ovqat siyosati ilmiy tadqiqot instituti (IFPRI) hamkorligida o‘tkazilgan ushbu anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq, Suv xo‘jaligi va Sog‘liqni saqlash vazirliklari, xalqaro tashkilotlar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

“Mazkur anjuman O‘zbekistonda birinchi marta tashkil etilmoqda. Institut tomonidan ushbu mavzu doirasidagi hisobotlar Rim, Tokio, Moskva kabi dunyoning 14 ta davlatida taqdim etib kelinadi. 2018 yilgi Global oziq-ovqat siyosati bo‘yicha hisoboti aynan Toshkent shahrida o‘tkazilishi ham bejiz emas. Zero, O‘zbekiston o‘zining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdan tashqari, meva-sabzavot va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish orqali xorijiy davlatlarning oziq-ovqat ta’minotiga katta hissa qo‘shayotgani xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak e’tirof etilayapti”, - deydi Vashingtondagi Xalqaro oziq-ovqat siyosati ilmiy tadqiqot instituti bosh direktori Shengen Fan.

Xususan, BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining 2015 yil iyun oyida Italiyaning Rim shahrida bo‘lib o‘tgan 39-konferensiyasida Ming yillik rivojlanish maqsadlariga erishgan davlatlarni taqdirlash marosimida O‘zbekiston 14 ta davlat qatorida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda erishgan mislsiz yutuqlari uchun maxsus mukofot bilan taqdirlangani fikrimiz tasdig‘idir.

Konferensiyada, shuningdek, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari tizimining tarkibiy o‘zgarishlari, uning oziqlanishdagi ahamiyati, Markaziy Osiyoda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari savdosi, raqobatdoshligini ta’minlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?