Oʻzbekistonga Gollandiya agrosanoat missiyasi nega tashrif buyurdi?

18:04 12 Mart 2019 Jamiyat
412 0

Illyustrativ foto

Kecha Niderland qirolligi agrosanoat sohasidagi 45 dan ziyod korxonalarining 70 vakillaridan iborat qishloq xoʻjaligi savdo missiyasi Oʻzbekistonga tashrif buyurdi. Mehmonlar yurtimizda 15 martga qadar boʻlib turishadi.

Missiya tarkibidan qishloq xoʻjaligi ekinlari, chorvachilik, issiqxonalar, bogʻdorchilik va boshqa shu kabi qator jabhalarda faoliyat yuritadigan korxonalar oʻrin olgan.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati xabariga koʻra, delegatsiya tashrifi doirasida 12 mart kuni Toshkentda, 14 mart kuni Namanganda “Niderlandiya - Oʻzbekiston” mavzusida agrobiznes forumi boʻlib oʻtadi.

Bundan tashqari, Gollandiyaning zamonaviy texnologiyalar va xizmat koʻrsatish korxonalari bilan yurtimiz agrar soha vakillari oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qator uchrashuvlar boʻlib oʻtadi. Niderland qirolligining favqulodda va muxtor elchisi Rene Jons-Bos boshchiligidagi delegatsiya “Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi bozori va biznes yuritish shartlari” mavzusida oʻtkaziladigan B2G(biznes-davlat) formatidagi Oʻzbekiston-Niderlandiya muzokaralarida ishtirok etadi.

Koʻp tomonlama uchrashuvlar va forumdan tashqari, mehmonlar “Agro World Uzbekistan - 2019” koʻrgazmasida qatnashishadi, Namangan viloyatidagi qishloq xoʻjaligi obyektlariga tashrif buyurishadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?