O‘zbekistondan yuborilgan 20 tonna o‘rik Rossiyaga kiritilmasdan qaytarib yuborildi

18:23 05 Iyun 2018 Iqtisodiyot
353 0

Rossiya veterinar va fitosanitar tekshiruv federal xizmati boshqarmasi inspektorlari Novosibirsk viloyatiga Qozog‘iston va Qirg‘izistondan olib kelinayotgan 320 tonnadan ortiq mahsulotni potensial jihatdan xavfli deb topib, chegaradan o‘tkazmadi.

Rossiya qishloq xo‘jaligi nazorati ma’lumotlariga ko‘ra, iyun oyi boshida “Karasuk” postida umumiy og‘irligi 320,15 tonna bo‘lgan meva-sabzavotlarning 17 ta partiyasi ushlangan. Fitosanitar jihatdan yuqori darajada xavfli deb topilgan tovarlar avtomobil transportida Novosibirsk, Novokuznesk, Kemerovo va Krasnoyarskda sotish uchun olib kelinayotgan bo‘lgan.

Markirovkasiz holda Qozog‘istondan umumiy og‘irligi 40 tonna bo‘lgan sholg‘omsimon dumaloq piyoz va oq bosh karam, 22 tonna pokiston navli kartoshka, Qirg‘izistondan 20 tonna sholg‘omsimon dumaloq piyozni mamlakat hududiga olib kirishning oldi olingan.

Shuningdek, ishonchsiz markirovka qo‘yilgan deb topilgan Qozog‘istondan umumiy og‘irligi 70 tonna bo‘lgan tarvuz, olma va lavlagi, Qirg‘izistondan 88 tonna sholg‘omsimon dumaloq piyoz, 1,15 tonna qizil bosh karam chegaradan o‘tkazilmagan.

Ayni chog‘a upakovkasidagi markirovkasi qisman bo‘lmagan O‘zbekistondan 20 tonna o‘rik, Tojikistondan 20 tonna sholg‘omsimon dumaloq piyoz, Qozog‘istondan 20 tonna o‘rik va gilos, Qirg‘izistondan 19 tonna olxo‘ri to‘xtatilgan.

Barcha yuklar ortga qaytarib yuborilgan. Aybdorlar ma’muriy javobgarlikka tortilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?