“O‘zbekistondan Polshaga to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilish sakkiz barobar oshgan”

17:57 07 Iyun 2018 Iqtisodiyot
919 0
Foto: Sputnik

Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyodagi o‘zgarishlarni anglab yetyapti, shuning uchun ham yangi strategiyani ishlab chiqqan holda mintaqadagi sheriklar bilan ustuvor yo‘nalishlar va istiqboldagi o‘zaro harakat yo‘llarini aniqlab olishga intilmoqda. Bu haqida mamlakatimizning Belgiyadagi elchisi Dilyor Hakimov so‘zlab berdi.

Eslatib o‘tamiz, Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat xizmatlarining Markaziy Osiyo bo‘limi rahbari Boris Yaroshevich Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston bilan yangi hamkorlik bitimini imzolash uchun iyun oyidan boshlab mandat bo‘yicha ishtirokchi davlatlar bilan maslahatlashuvlarni boshlashini aytib o‘tgandi. Bu haqida onlayn nashrimizda ham xabar bergandik.

“Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasi bu an’anaviy tarzda olti-yetti yilga mo‘ljallanadigan dasturiy hujjatdir. Ayni paytda biz ikkinchi sikldamiz. Oldingi sikl 2015 yilgacha davom etgandi, endi ikkinchisi 2020 yilgacha bo‘ladi. Ayni paytda 2021 yildan 2025-26 yillargacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan yangi strategiya ustida ish ketayapti”, dedi diplomat Bryusselda Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha tashkil etilgan anjuman arafasida.

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Federika Mogerini ham bundan oldin YEI Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiya qabul qilinishini e’lon qilgandi.

Elchining aytishicha, vaqt o‘tmoqda, iqtisodiy, siyosiy, dunyo miqyosidagi, mintaqadagi, YEIning o‘zidagi realliklar o‘zgarayapti, shuning uchun yevropalik sheriklar bugungi kunda Markaziy Osiyodek muhim mintaqa bilan qanday qilib o‘zaro aloqalarni olib borish masalasiga alohida e’tibor qaratayotir.

Ma’lumot uchun, YEI bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi bundan oldingi bitim 1996 yilda imzolangan va 1999 yil 1 iyundan boshlab kuchga kirgan. Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasi esa 2012 yilda ochilgan.

“Hozir boshqa zamon. Vaqti keldi – bu tabiiy jarayon. Biz boshqa odamga aylandik, YEI ham. U juda jiddiy darajada o‘zgargan. Soat millarini to‘g‘rilab olib, yangi ustuvor vazifalar o‘rtaga qo‘yilishi mumkin. Yoki oldingi qiziqishlar tasdiqlanishi ham. Bu jarayon YEIning o‘zidagi tuzilish murakkab bo‘lgani uchun ma’lum vaqt oladi”, dedi D.Hakimov.

Elchi mamlakatimizning Yevropa Ittifoqi bilan iqtisodiy sohadagi hamkorligiga to‘xtalib o‘tdi.

“O‘ylashimcha, biz “to‘qimachilik protokoli” qanday tatbiq etilayotganini ko‘rib chiqamiz, lekin o‘tgan yilgi bu boradagi natijalar juda yaxshi. O‘zbekistondan, masalan, Polshaga to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilish sakkiz barobar oshgan”, dedi u.

“To‘qimachilik mahsulotlarimizni Yevropa bozoriga chiqarish bo‘yicha muammolar umuman yo‘q. Oldin Yevroparlament “to‘qimachilik prtokoli”ni tasdiqlagandi, u kuchga kirdi. O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulot istalgan a’zo davlat bozoriga erkin chiqish imkoniyatiga ega ekanligi haqida aniq aytib o‘tilgan mazkur huquqiy hujjat mahsulotlarimiz uchun Yevropa bozoriga katta yo‘l ochadi”, dedi D.Hakimov.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston ham mazkur protokolni YEI va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik va sheriklikka oid bitim tarkibiga kiritilishini ratifikatsiya qilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?