Oʻzbekistondan Xitoyga aviareyslar dunyodagi eng katta aeroportga koʻchiriladi. Reyslar haftasiga 15tagacha oshiriladi

14:33 04 Noyabr 2019 Iqtisodiyot
301 0

Joriy yilning 31-oktyabr kuni Pekin shahrida Oʻzbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi aviatsiya hukumatlari oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi delegatsiyasini Xitoy fuqaro aviatsiyasi bosh boshqarmasida Xalqaro ishlar departamenti Bosh direktorining oʻrinbosari Bayi Venli xonim qabul qildi.

Muzokaralarda tomonlar aviatsiya qatnovlari sohasidagi ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati, shuningdek, oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.

Xususan, kun tartibidan oʻrin olgan Xitoy va Oʻzbekiston oʻrtasidagi parvozlarni koʻpaytirish, tayinlangan aviakompaniyalarning parvozlar geografiyasini kengaytirish va amalga oshirilayotgan reyslarni Pekin shahridagi yangi “Dasin” xalqaro aeroportiga oʻtkazish masalalari yuzasidan oʻzaro fikr almashildi.

Muzokaralar yakunida Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida tayinlangan aviakompaniyalarning reyslarini haftasiga 15 tagacha oshirish, ikki davlat aviatsiya hukumati oʻrtasidagi mavjud kelishuvga Pekin, Urumchi, Shanxay, Guanchjou, Tyanzin kabi ruxsat etilgan shaharlar qatoriga tayinlangan aviakompaniyalar tomonidan parvozlarni amalga oshirishda Xitoyning Sian, Sanya, Iu va Chendu shaharlarini qoʻshish, aviakompaniyalar reyslarini Pekin shahridagi yangi “Dasin” xalqaro aeroportiga oʻtkazish boʻyicha tashkiliy-texnik masalalarni ishlab chiqishni boshlash yuzasidan kelishuvga erishildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?