Oʻzbekistondan chiqqan birinchi urush qahramoni kim ekanligini bilasizmi?

14:25 08 May 2020 Jamiyat
685 0

Maktabda oʻqib yurgan paytlarim edi. Sovet Ittifoqi qahramoni Qoʻchqor Turdiyev bilan uchrashuv boʻlishini eshitib, joyimda tura olmay qoldim. Axir, birinchi oʻzbek qahramoni, tirik afsona bilan yuzma-yuz kelish shaxsan men uchun katta baxt edi!

Uchrashuv boshlandi. Aslida soʻraydigan soʻrovlarim koʻp edi. Lekin ilk savolim hali-hanuz xotiramda saqlanib qolgan.

— Qanday qilib qahramon boʻlgansiz? — soʻradim men.

Qoʻchqor Turdiyev miyigʻida kulgancha, boshini saraklatib, bir dam tin oldi-da, javob berdi:

— Nemislar bostirib keldi. Men okopga qulab tushdim. Shu paytda oʻndan ortiq fashistlar boshimga kelib qolsa boʻladimi. Aksiga olib qurolimni olishga ulgurmadim. Qarasam, yonimda belkurak turibdi. Qoʻrqib ketganimdan belkurakni qoʻlimga oldimda, fashistlarga qarab “Xendixoh” deb baqirdim. Ular ham xuddi shu buyruqni kutib turgandek qarshimda toshdek qotib qolsa boʻladimi. Qoʻllaridagi quroliga ishora qilib, oʻzbekchalab: “Qurolingni tashla” deb baqirgan edim, hammalari qurolini yerga tashlab, qoʻlini boshi uzra koʻtarsa boʻladimi. Shu tariqa ularni oldimga solib, komandir huzuriga olib borganman. Bir oʻzim oʻndan ziyod dushmanni qurolsiz taslim qilganim uchun Sovet Ittifoqi qahramoni unvonini berishgan.

Bilmadim, bu aslida ham haqiqatmi yoki bolalarcha sodda savolga hazilomuz javobmidi... Har qalay rasmiy maʼlumotlarda uning 1941-yilning 15-oktyabrida Xarkov oblastining Trudolyubovka aholi yashash punktida pulemyot orqali bitta nemis ofitseri va ikki nafar oddiy askarlarni qon qaqshatgani, ikki nafar dushmanni asir olganligi bayon etilgan.

Qoʻrgʻontepa tumanining Dardoq qishlogʻida tugʻilib, voyaga yetgan Qoʻchqor Turdiyev harbiy xizmatga 1940-yilda chaqirilgan. 1941-yilning sentyabr oyida urush jangohlariga kirib bordi. 1942-yilda kichik leytenantlar oʻquv kursida taxsil oldi. 1943-yilda Gomelsk harbiy piyoda bilim yurtining tezkor taʼlim yoʻnalishini tamomladi.

U Sovet Ittifoqi qahramoni unvoniga 1942-yilning 27-mart sanasida sazovor boʻlgan. Bu paytda oʻzbeklar orasida hali hech kim bu unvon sohibi emas edi.

Oʻnlab orden va medallarga munosib topilgan oʻzbek qahramoni urushdan soʻng Jalaquduq tumanidagi “Oyim” qishlogʻida istiqomat qila boshladi. Paxtachilik brigadasida faoliyat yuritib, mehnat fronti fidoyisiga aylandi.

Qoʻchqor ota hazilkash, urush xotiralari bilan bogʻliq ogʻriqli voqealarni ham labida tabassum bilan eslardi. Tinchlik uchun jang qilganman, deb hech qachon koʻkrak kerishni bilmagan. Bir soʻz bilan aytganda, yaxshi odam edi! U haqida Gʻafur Gʻulom “Dardoqdan chiqqan qahramon” nomli asarni yozgan. Mustaqillik yillarida ham nomini abadiylashtirish maqsadida poytaxtimizdagi maktablardan biriga uning nomi berilgan. Andijon viloyat markazida unga yodgorlik oʻrnatilgan. 2010-yilda chop etilgan pochta markalaridan birida uning surati aks etgan.

Biz urush nimaligini bilmay kamol topdik. Osoyishtalik qadrini anglagan holda har tong oftobga yuzimizni tutar ekanmiz, ming bir rejalar bilan ishga otlanar ekanmiz, farzandlarimizning oʻqishdagi muvaffaqiyatlaridan quvonib, bir dunyo orzulariga orzumand boʻlar ekanmiz, ayvonimiz peshtoqidagi qaldirgʻochlarning chugʻurlashiga mahliyo boʻlib, ariqdagi suvning shildirashidan huzurlanar ekanmiz, qoʻyingki, tiriklikning gashtini surar ekanmiz, mana shunday kunlar uchun fidoyilik koʻrsatgan urush qatnashchilariga taʼzim qilish farzandlik burchimiz ekanligini ham unutmaylik!

Saminjon HUSANOV,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?